Test sinovlari natijasidan norozi abituriyentlar apellyasiya shikoyatini berish muddati ma’lum bo‘ldi
Bu haqda DTM Axborot xizmati ma’lum qildi. Qonunchilikka ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyasiya komissiyasiga apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 27-sentyabrdan shaxsiy kabinetlari (abitur.dtm.uz sayti) orqali apellyasiya shikoyati berishlari mumkin.
Apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish apellyasiya komissiyasi tomonidan 2020-yil 28-sentyabrdan boshlanadi.
Apellyasiya shikoyatini bergan abituriyentlarga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.
Apellyasiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyasiya komissiyasiga taqdim etadi.
Apellyasiya shikoyati apellyasiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.
Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyasiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyasiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Abituriyent murojaat qilganda unga apellyasiya shikoyati bo‘yicha qabul qilingan qarordan ko‘chirma beriladi.
Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan bo‘lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi.
Apellyasiya komissiyasining qarori bo‘yicha ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish to‘liq yakunlanganidan so‘ng, besh ish kuni ichida taqdim etiladi.
Apellyasiya komissiyasining qarori O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter