«Voitov ishi»ning appelatsion sudda ko‘rilayotgani rad etildi

Bir muddat oldin «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov hamda «Allamjonovga suiqasd ishi»da ayblanib uzoq muddatga qamalgan Prezident xavfsizlik xizmatining sobiq katta zobiti Shuhrat Rasulovlarning appelyasiya sudlari boshlangani haqida ma’lumot bergan edi.
Biroq, Oliy sud axborot xizmati A. Voitovga oid jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida ko‘rilayotganini rad etdi.
«Ayni paytda A. Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda», – deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha berilishi ta’kidlanadi.
O‘z navbatida, Oliy sud axborot xizmati yuqoridagi xabarning sobiq zobit Shuhrat Rasulovga oid qismiga munosabat bildirmagan.
Eslatib o‘tamiz, A. Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida 2024 yil 5 sentyabr kuni boshlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter