Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Temir daftar»ga kirish boru, chiqish yo‘qmi?

«Temir daftar»ga kirish boru, chiqish yo‘qmi?

Elmirzayeva Nasiba xonadoni. U tezroq «Temir daftar»dan chiqishni istaydi

Xalqimiz azaldan oriyatli bo‘lgan, eng muhtoj vaqtida ham «nonim yo‘q», deyishga tortingan. «Temir daftar» mavzusini yoritish asnosida bunday holatlarga ko‘p duch keldik. «Meni «Temir daftar»dan chiqaringlar, ishlab o‘zim pul topaman» deganlar har bir go‘shada topiladi. Ammo bilasiz, sholi kurmaksiz bo‘lmaydi.

Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida istiqomat qiladigan E.N.ning oilasiga tuman hokimligi va mahalla tomonidan e’tibor juda kuchli. Boisi, E.N. avvaldan bir kunlik ishlarda yurgan va doimiy daromadga ega bo‘lmagan. Oilasi esa kichik emas, turmush o‘rtog‘i, to‘rt farzandi va nogiron otasi bor. Oilada hech kim doimiy ish o‘rniga ega emas. Shu bois hokimlik tomonidan kam ta’minlanganlarga ajratilgan uylardan biri E.N. oilasiga berildi. Karantin vaqtida oilaning har bir a’zosiga 220 ming so‘mdan yetkazildi. Yana 4 nafar farzandiga 500 ming so‘mdan, jami 2 million so‘m ham beriladi.

Ammo «yotib yeyish» uchun bu pul kamlik qiladi, albatta. Mahalla va hokimlik tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari esa E.N.ga ma’qul kelmayapti. Hatto stipendiyasi bor o‘qish ham.

Chiroqchida malakasiz fuqarolarni kasbga yo‘naltirish uchun maxsus kurslar tashkil etilgan bo‘lib, «temir daftar»dagilar payvandlovchi va mebel ustaligiga o‘qitiladi. «Yuksalish» harakati tomonidan ikki oylik kurs davomida 500-600 ming so‘mdan stipendiya ham joriy etilgan. E.N. mana shu kursda o‘qib, malakali usta bo‘lib, yaxshi joylarda ishlashi mumkin edi. Ammo uni qarangki, chiroqchilik yigitga bu ham ma’qul bo‘lmay turibdi. «Men o‘qisam, ishlasam nogiron otamga kim qaraydi?» deya savol qo‘yadi u hokimlik vakilining taklifiga javoban.

Bu savolga javob berishga «Xabar.uz» muxbiri ham ojizlik qildi.

Modomiki hamyurtimizning o‘zi izlanmasa, harakat qilmasa, boshqalarning himmati bilan qayergacha borish mumkin? Mahalla faoli Xosiyat Soatovaning aytishicha, bu oila «Temir daftar»dan chiqarilmaydi. Toki yordam kerak ekan, berilaveradi. Ha, boshqachasiga iloj yo‘q shekilli.

E.N. xonadonidan chiqib ketar ekanmiz, unchalik ham xursand emas edik. Balki kunni to‘liq shunday kayfiyatda o‘tkazgan bo‘lardik, agarda Elmirzayeva Nasiba opaning uyiga bormaganimizda.

Nasiba opa 25 yoshida turmush o‘rtog‘idan ajrab qolgan. O‘shanda o‘g‘li 6 yosh, qizi esa 3 yoshda edi. Qo‘lidagi chaqalog‘i esa endi 7 oylik bo‘lgandi. Opa yolg‘iz o‘zi ularni katta qildi, oyoqqa qo‘ydi. Bundayroq bo‘lsa ham uy-joy qurdi, farzandlarini halol mehnat bilan boqdi. Ammo pandemiya vaqtida o‘zi ham, 19 yoshli o‘g‘li ham ishsiz qolgani uchun yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Oila «Temir daftar»ga kiritildi. Baraka topishsin, zaminimiz sahovatli insonlarga to‘la, Nasiba opaga oyma-oy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi va eng muhimi — uchta qo‘y olib berildi.

Endi opaning faqat bitta iltimosi bor — qayerdan bo‘lsa ham, qanaqa bo‘lsa ham bitta ish topib berishsa bo‘lgani. U tezroq «Temir daftar»dan chiqib ketishni istaydi, holos. Bir umr o‘zi pul topib o‘rgangan ayol boshqalarning qo‘liga qarab o‘tirishni istamayapti. Agar hokimlik muruvvat qilsa va sovun ishlab chiqaradigan uskuna sotib olish uchun 30 million so‘m kredit olishda yordam bersa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Hozirda o‘g‘li sovun ishlab chiqarishni yaxshilab o‘rganish uchun Namanganga borib, bir oy ishlab kelishga tayyorlanmoqda. Unga hech qanaqa kurs ham, stipendiya ham kerak emas. O‘z hisobidan borib, ish o‘rganib keladi.

Xalqimizda «yaxshi niyat, yarim davlat» degan naql bor. Nasiba opa hozircha o‘sha yarim davlatga ega, bu yog‘iga ozgina qo‘llab yuborilsa, qolgani ham bo‘ladi, nasib...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring