Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tashqi qarz: referendum?!

Tashqi qarz: referendum?!

Foto: «Pravo-leed.ru»

Tashqi qarz masalasida «tashvishlanayotgan» yurtdoshlarimiz navbatdagi «e’tiroz» yoki «savol»laridan biri «Qarzlar olinishdan avval nima uchun xalq muhokamasiga qo‘yilmaydi?» ko‘rinishi yoki mazmuniga ega. Nazarimda, bu tarzda «muammo»ni kun tartibiga qo‘yayotganlarni, bir tomondan, qo‘llab-quvvatlamasak — bo‘lmaydi. Zero, ular bu o‘rinda «Yetti o‘lchab, bir kes»ning «kuch»ini ko‘rsatishayapti. Tashqi qarz masalasida, hatto, buning ham kamlik qilishi mumkinligi, bu o‘rinda faqat yetti o‘lchab, bir kesish emas, balki yetmish o‘lchab, bir kesish zarurligini qayd etmoqdalar. Shuningdek, «Kengashli to‘y — tarqamas» ham ularning nazarlaridan chetda qolmayapti. Xo‘sh, bularning nimasi yomon? Yomonlikka yomon emasku-ya, lekin...

Endi ana shu «lekin»i ustida sal batafsilroq to‘xtalaylik. Buning uchun, bizningcha, hozircha quyidagilarga e’tibor berishning o‘zi yetarli:

  1. Avvalo, umuman qarz to‘g‘risida «ovoza» qilib gapirishning o‘zi, o‘zbekona aytganda, sal «anaqa»roq emasmi? Qarz bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni o‘zbeklarda ota-ona u yoqda tursin, hatto, aka-ukaga bildirmasdan «hal» qilmayotirmi? Ayrim hollarda, qarz olganimizdan o‘ng ko‘zimiz xabar topib qolsa, undan chap ko‘zimiz bexabar qolmayaptimi? Buni, juda oshib borsa, oiladan chetga chiqarmaslikka jon-jahdimiz bilan harakat qilmayapmizmi? Ayting-chi, u yoki bu oilaning qarz olish yoki olmaslik masalasi, hatto, «mahalla»da muhokama qilinganligiga kim guvoh?...
  2. Aslida, qarz olish masalasida butun dunyoda ham «xo‘rozlar bir xil qichqiradi». U yerdagi mamlakatlarning birortasi hozirgacha biror marta ham chetdan qarz olish yoki olmaslik masalasini umumxalq muhokamasiga olib chiqmagan. Shuning uchun ham bu masalada o‘zimni «xavf»ga qo‘yib bo‘lsa-da, yanada keskinroq bo‘lgan fikrni, sodda qilib, ochiq-oydin aytay: chetdan davlat qarzini olish «Davlat» akaga tegishli; xafa bo‘lmang-u, bu «Xalq» akalarning vazifasiga kirmaydi;
  3. Qarz olish yoki olmaslik masalasini umumxalq doirasida muhokama qilish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. U hech bo‘lmaganda, ma’lum bir vaqtning sarflanishini taqozo etadi. Vaqt esa bu pul demakdir. Buning ustiga, vaqt oddiy pul emas, balki qimmat turadigan pul. Shuningdek, umumxalq muhokamasi jarayonini «otni kallasidek» mablag‘ni sarflamasdan amalga oshirishning iloji yo‘q. Shunday ekan, o‘zimiz qarz olishga «zor» bo‘lib turgan bir paytda ortiqcha o‘rinsiz xarajatlarga ne hojat?...
  4. Bu masalani umumxalq muhokamasiga olib chiqib, unga referendum tusini berish, uzr, bu — har bir davlatning (unga tegishli bo‘lgan arboblarning) ojizligidan nishona. O‘zini hurmat qilgan hech bir davlat — bu ishni qilmagay! Qilmagan va qilmayapti ham. U holda, nega uni O‘zbekistonimizga ravo ko‘rishimiz kerak?...
  5. Buning ustiga, tashqi qarz olish masalasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan hal qilish qarz oluvchi davlatga nisbatan ishonchni, ma’lum ma’noda, pasaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, tegishli qarorning qabul qilinishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ya’ni referendum natijasida xalq «qarz olaylik»ka rozi bo‘lishiga qaramasdan, tashqi qarz ajratilmasligi mumkin;
  6. Mustaqilligimizning deyarli 30 yili davomida masalani hal qilishning «referendum varianti»dan faqat bir marta (Prezidentlik vakolatini uzaytirish yoki uzaytirmaslik masalasida) foydalandik, xolos. Nima qilamiz: har safar xorijdan qarz olishdan oldin referendum o‘tkazamizmi? Bunday tarzda ish tutishning qanchalik oqilona yoki aksincha ekanligi oldindan ma’lum emasmi?
  7. Dunyo amaliyotida keng xalq ommasini jalb qilib, referendum o‘tkazish yo‘li bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan bor-yo‘g‘i bir necha masala bor, xolos. Masalan, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish, mamlakat Prezidenti vakolatini uzaytirish va h.k.lar shular jumlasidandir. Bu masalalar qayerda-yu, qarz olish masalasi qayerda? Nima dedingiz?
  8. Va, nihoyat, menga ishonavering: butun umrimni «pul ilmi»ni egallashga baxshida etganman. Shu kunlarda ham shunday «tashvish» bilan — bandman. Ularga asoslanib, quyidagi fikrlarni aytishga haqliman, deb o‘ylayman: tashqi qarz masalasida mamlakat miqyosida umumxalq manfaatlarini ko‘zlab, oqilona va xalqparvar qarorni qabul qilish borasida O‘zbekiston mustaqillik yillarida hech qachon hozirgi kundagidek kuchli «komanda»ga ega bo‘lmagan; bunga bevosita daxldor bo‘lgan bo‘lgan «yuqori tashkilot»lar (Markaziy bankda — M.Nurmuratov, Moliya vazirligida — T.Ishmetov va Iqtisodiy taraqqiyot... vazirligida — J.Qo‘chqorov) barchasining «boshi»da «sluchayniy» odamlar emas, balki o‘z ishining haqiqiy «qassob»lari «o‘tiribdi»; ularning har biri (albatta, Prezidentimiz rahbarligida) tashqi davlat qarziga nisbatan «referendum o‘tkazish» orqali qabul qilinishi mumkin bo‘lgan yakkayu yagona to‘g‘ri qarorni referendumsiz o‘z vaqtida qabul qilish salohiyatiga ega. Shu bois, aslo xavotirga tushmasdan, xotiringiz jam bo‘lsin.

R.S. Oxirgi banddagi fikrlarimdan ogoh bo‘lib, iltimos, meni laganbardorlik yoki xushomadgo‘ylikda ayblamang; ming shukur, hayotim davomida shunday «ko‘chaga kirish» menga biror marta ham nasib etmadi; doim borini — bor, yo‘g‘ini — yo‘q, deyishni odat qilib yashayapman va bundan xursandman. Shu bois, bu safar ham shunday qildim. Uzr, tarki odat — amri mahol.

Tohir MALIKOV
iqtisod fanlari doktori, professor

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring