Tarixda ilk bor Samarqanddan Urumchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys yo‘lga qo‘yildi
Air Marakanda kompaniyasi China Southern Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikni boshladi. Shu munosabat bilan tarixda ilk bora Urumchi shahriga reys ishga tushirildi. E’tiborli tomoni, Air Marakanda Xitoydan Samarqandga parvozlarni amalga oshirgan birinchi aviakompaniyaga aylandi.
Urumchiga parvozning tantanali ochilish marosimi Samarqand xalqaro aeroporti terminalida tashkil etilib, birinchi reys yo‘lovchilari uchun mavzuviy fotolar burchagi, shirinliklar bilan choy marosimi, shuningdek, mashhur Samarqand tut qog‘oziga Xitoy tilida kalligrafiya yozuvlari bitilgan ko‘rgazmalar maydoni tashkil etildi.
Ochilish marosimida Air Marakanda va China Southern Airlines aviakompaniyalari rahbariyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Rustam Qobilov ishtirok etdi.
An’anaga ko‘ra, samolyot Samarqand aeroporti aerodromida suv arkasi bilan kutib olindi va Xitoydan kelgan birinchi yo‘lovchilar o‘zbek milliy cholg‘ulari - karnay va surnay sadolari ostida kirib keldilar.
Tadbir doirasida Air Marakanda Bosh direktori Anton Xodjayan, Air Marakanda Bosh direktorining kommersiya bo‘yicha o‘rinbosari Artyom Pak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Rustam Qobilov va China Southern Airlines aviakompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi Bosh direktori Shen Yi ishtirokida matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Matbuot anjumanida so‘zga chiqqanlar Samarqand va Urumchi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan havo qatnovning ulkan salohiyatini ta’kidlab, ikki davlat o‘rtasida turizm va savdo sohasini rivojlantirishning keyingi istiqbollarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar yaqin kelajakda Xitoydan Samarqandga yangi yo‘nalishlarni ochish rejalari bilan bo‘lishdilar.
Xitoydan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning ochilishi ko‘p asrlar oldin asos solingan Buyuk Ipak yo‘lining mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qildi.
Endi Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaziga Samarqanddan har dushanba soat 01:30 da uchib borsa bo‘ladi. Urumchi xalqaro aeroportidan Samarqandga qaytish reysi yakshanba kuni soat 23:20 ga rejalashtirilgan. Parvozlarning barchasi zamonaviy Boeing 737-800 samolyotlarida ikki toifali-joylashtirish – biznes va ekonom-klasslarda amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot:
Urumchi shahri dengizdan uzoqda joylashgan dunyoning yirik shaharlaridan biridir. Shahar aeroportining yo‘nalish tarmog‘i 69 ta mahalliy yo‘nalishlardan iborat bo‘lib, yo‘lovchilarga Urumchi aeroportidan XXRning eng yirik biznes, sanoat va sayyohlik shaharlariga tashrif buyurish imkonini beradi.
China Southern Airlines — Xitoyning eng yirik aviatashuvchisi hisoblanib, aviakompaniya floti samolyotlar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinni egallaydi. China Southern Airlines 850 dan ortiq yo‘lovchi va yuk tashish samolyotlari, shu jumladan Boeing V787, V777, V747 va B737, shuningdek Airbus A330, A321, A320, A319 va ARJ21 samolyotlarini boshqaradi. China Southern dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlar va hududlariga 224 yo‘nalish bo‘yicha 3 000 kunlik reyslarni amalga oshiradi.
AIR MARAKANDA - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniyadir. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali ikki yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kirdi.
AIR MARAKANDA matbuot xizmati
Tel.: +998 90 030 3883
Email: [email protected]
Veb-sayt: www.airmarakanda.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter