Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ta’lim maskaniga ishga kiritib qo‘yish «pul» ga aylandi...

Ta’lim maskaniga ishga kiritib qo‘yish «pul» ga aylandi...

«Jo‘rnalistmisan, qizim?» – tungi soat 01:00 lardan keyin qo‘ng‘iroq qilgan kishining savoli shu bo‘ldi.

«Assalomu alaykum! Ha, labbay, eshitaman, otaxon?!»

«Senlarni axborot tarqatishda shunchaki quruq ma’lumotga tayanish bilan cheklanishlaring oxiri ta’limniyam "pul"ga aylantirib yubordi. Eng xunuk axborotniyam shunchaki ko‘z yugurtirib tanishish bilan cheklanishga ko‘nikib ham boryapmiz. Bir xabar berayotganda, iymonu insofning ham yo‘qolib borayotganini qo‘shib qo‘ylaring. Ma’naviyatsizlikni ma’naviyat bilan o‘ldirlaring!» – dedi otaxon biroz jazavaga tushib.

Masalaning nimada ekanini anglab ololmadimu:

«Uzr, otaxon, har bir janrning o‘z talabi bor!  Sizni qanday masala qiynayapti?»

«E-e, qizim, qo‘ysang-chi, o‘sha janrlaring talabini! 30 yildan ortiq ta’lim sohasida ishladim. Boshqa sohalarni-ku, bilmadim, ta’limning pulga aylanayotgani endi fojea-da! Mahallamizdan bir insofi yo‘q ta’lim sohasi vakili boshqa bir fuqaroni ishga qabul qilish uchun pora olibdi. Shunchaki,  «pora oldi, qo‘lga tushdi, endi qonun oldida javob beradi», – deb yozib qo‘yishibdi. Iymonu insofga chaqiriq ham qo‘shib qo‘yinglar, o‘sha axborotlaringga! Odamlar yuragidan o‘chib borayotgan ma’naviyatni qayta yondirishga hissa qo‘shinglar. Quruq xabarlaringni o‘qiyverib, odamlar diydasi toshdek qotyapti», – o‘zini Gulmurod Nekov, deb tanishtirgan otaxon kuyinib so‘zladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi "Olmazor"  mahallasida joylashgan

5-sonli IDUMda huquq-tartibot organlariga kelib tushgan arizaga ko‘ra, tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbirda ushbu mahallada yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan ta’lim sohasi vakili Sh.V. ismli ayol boshqa bir fuqaroni ishga qo‘yish evaziga pora olayotganda, qo‘lga olingan.

«200 dollar evaziga butun boshli mehnatini yer bilan bitta qilgan o‘qituvchini kim, deb atash mumkin? Xabarni eshitib, shu sohada 30 yildan ortiq sochim oqarganidan uyalib ketdim. O‘qituvchilar oilasimiz-da! Butun boshli o‘qituvchilarga isnod bo‘ldi. Yig‘lagudek ahvoldaman!» – dedi otaxon yana so‘zida davom etar ekan.

Ta’kidlanishicha, Sh.V. avvaldan o‘ziga tanish bo‘lgan fuqaro S.N.ni  5-sonli IDUMda kompyuter texnik operatori lavozimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga undan 200 AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. S.N. bunga imkoni yo‘qligi, puli bo‘lganda, ish qidirmasligi, agar rozi bo‘lsa, ishlab, maosh olgandan so‘ng Sh. V. ning talab qilgan mablag‘ini asta-sekin to‘lab borishini bildirgan. Afsuski,  S. N.:  " Seni rahbariyat qachon maosh oladi-yu, qachon 200 dollarni topib beradi, deb kutib turmaydi. Istasang shu, istamasang, boshqa!"-degan qo‘pol javobni olgan. Shundan so‘ng oradan vaqt o‘tgach, S. N.  Sh. V.ning shartiga ko‘nganini unga telefon orqali bildirgan. Va holat yuzasidan huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

«Bu shunchaki "pora oldi, qo‘lga tushdi, jazoini oladi" degan gapmas-da, qizim. Uning ortida Prezidentimizning o‘qituvchilarga ishonib, "ularning maoshini 1000 dollarga chiqarmasam qo‘ymayman!"-degan katta e’tibori turibdi. Bunday noma’qulchilikni kasbini sevgan muallim qilmaydi. Iymoniniyam yeb qo‘ygan odamning ishi-da bu! Ta’lim pulga aylansa, tibbiyot "soqqa"ga ko‘milsa, qurilish bitmay turib chirisa,  jurnalist bularni  "oldi, bo‘ldi, ketdi" deb quruq qalam tekkizib qo‘ysa, ma’naviyat so‘lib borayotganidan hech kim lom-mim, demasa,  yara avj olaveradi», – deydi suhbatdosh.

Holat yuzasidan bayon etilgan xabarga ko‘ra, Sh.V. fuqaro S.N. dan kimyoviy ishlov berilgan 2 million 500 ming so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.V. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«O‘qituvchilik-fidoiylik! Bu kasbu korga isnod keltirish - boshqa butun boshli o‘qituvchilar mehnatini, zahmatini osmonga sovurish, yer bilan bitta qilish, degani. O‘qituvchi qizlarim, o‘g‘illarim kasbu koringizni harom luqmaga alishmang!» – dedi otaxon suhbati so‘nggida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring