Ta’lim, FVB va bojxona mansabdorlari pora bilan ushlandi

Tuman MMTB, FVB, Ekologiya bo‘limi boshliqlari va bojxona inspektori pora bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, poytaxtimizdagi tumanlardan birining maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fanidan saboq beruvchi o‘qituvchini mazkur tumandagi maktablardan biriga direktor lavozimiga tayinlash evaziga o‘z xizmat xonasida 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, “Yangiyo‘l” TIF bojxona posti inspektori xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda, Qozog‘iston Respublikasidan bug‘doy olib kelib, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi MChJ tomonidan qo‘shni davlatdan temir yo‘l orqali olib kirilayotgan bug‘doy mahsulotlari ortilgan vagonlarni bojxona ko‘rigi hamda rasmiylashtiruvidan muommosiz o‘tkazib berish evaziga uchinchi shaxs orqali 2700 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Samarqand viloyati Jomboy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, 1988 y.t. fuqaroga yashash xonadonida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ochishi uchun uning turar-joyini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish va kelgusida rahnamolik qilish evaziga ta’magirlik yo‘li bilan 200 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga tumanda kar’yer faoliyatini amalga oshirishi uchun ekologik xulosa berish, Qarnab qishlog‘idagi “Nakvoysoy” hududidan tosh-shag‘al qazib olishiga ruxsat berish hamda kelgusida MChJ faoliyatiga rahnamolik qilish uchun 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter