Tahlilchi Ukraina hududlarini Rossiyaga qo‘shib olishga doir referendum natijasi bekor bo‘lishini bashorat qildi
O‘zbekistonlik tahlilchi Otabek Bakirov Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan referendumlarni soxta deb baholadi. Ekspert, ayni choqda, soxta referendumlarning asosiy belgilarini ham sanagan.
«Birinchi va asosiy belgi shuki, bunday referendumlarda faqat «Ha» javobi uchun targ‘ibot qilish, ochiq gapirish, diskussiya qilish mumkin. «Yo‘q» degan javob targ‘iboti, «Yo‘q» deb ovoz berish mumkinligi, bu bo‘yicha dalillar va sog‘lom aqlga murojaatlar butkul taqiqda bo‘ladi. «Yo‘q» deb ovoz berishga chaqirganlar ishdan, o‘qishdan haydaladi, qamaladi yo quviladi. Ko‘p holatlarda ovoz berish armiya yoki maxsus xizmatlar nazoratida o‘tadi», – deb yozdi O.Bakirov.
Ta’kidlanishicha, soxta referendumlar shoshma-shosharlik bilan o‘tkaziladi, chunki tashabbuskorlar o‘zlari ham referendumlari soxta ekanini juda yaxshi biladi va vaziyat o‘zgarib qolishidan qo‘rqadi. Masalan, Ukrainaning bosib olingan hududlarida refererendum o‘tkazilishi 20 sentyabr kuni, ya’ni ovoz berishdan atigi uch kun avval e’lon qilingan.
«Soxta referendumlarning uchinchi belgisi – unda «90+ foiz saylovchilar ishtirok etdi va 90+ foiz ovoz bilan refrendum natijalari o‘tgan» deb e’lon qilinadi. Masalan, Lugansk viloyatidagi referendumda go‘yoki viloyatning jami aholisidan ham ko‘proq odam ovoz bergan. Zaporojening 65% aholisi Ukraina nazorati ostidagi hududlarda bo‘lishiga qaramay, davomat 85,4% deb e’lon qilingan. Ya’ni soxta refrendumlarda amalda qancha byulleten qutiga tushdi, kim qanday ovoz berdi, protokollar qanday to‘ldirildi, umuman ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Hech kim to‘xta, byulletenlarni qayta sanaylik, protokollarni tekshiraylik deb o‘tirmaydi. Shundoq kelishilgan va chizilgan yoqimli raqamlar e’lon qilinadi, bo‘ldi», – deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi tahlilchi.
O.Bakirovga ko‘ra, soxta referendumlar yasama, majburiy, zo‘raki va reallikka ters bo‘lgani, xalq xohish-irodasini ifodalamagani sabab ertami-kechmi, baribir bekor bo‘ladi.
«Shunday ekan, eslab qoling, unutmang, Ukrainaning bosib olingan hududlari bo‘yicha soxta referendumlar natijalari ham baribir yo‘qqa chiqadi», – deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 23-27-sentyabr kunlari Ukrainaning ishg‘ol ostidagi Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiya tarkibiga qo‘shish masalasida referendumlar o‘tkazildi.
30 sentyabr kuni prezident Vladimir Putin mazkur hududlarni Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi.
5 oktyabr kuni to‘rt hududni Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi qonunlar rasman kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter