Tadqiqot instituti Toshkentdagi ijara uylar narxini tahlil qildi
2024-yilning fevral oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qilishdi.
Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024-yil fevral oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi xonadonlar ijara narxlarida yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 0,34 foizga, to‘liq ta’mirlangan turkumdagi uy-joylar ijara narxlarida esa o‘rtacha 0,13 foizga arzonlashgan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, hisobot davrida ushbu sinfdagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari o‘tgan yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 0,3 foizga pasayib, 394 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari esa 0,2 foizga arzonlab, o‘rtacha 441 dollargacha tushdi. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali uylar ijara narxlari 0,4 foizga pasayib, o‘rtacha narxlar mos ravishda 514 dollar va 594 dollarni tashkil etdi.
O‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (xonalar soniga qarab – 358 dollardan 450 dollargacha), Olmazor (357 dollardan – 490 dollargacha) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Yakkasaroy (420 dollardan 738 dollargacha) va Mirobod (467 dollardan 832 dollargacha) tumanlarida kuzatildi.
Qayd etilishicha, 2023-yil noyabr oyidan 2024-yil fevral oyigacha bo‘lgan davrda o‘rtacha ta’mirlangan 1 va 2 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari mos ravishda 1,8 foiz va 2,4 foizga arzonlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter