Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin» — prezident soliqdagi o‘zgarishlar haqida gapirdi

«Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin» — prezident soliqdagi o‘zgarishlar haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari mikromoliya tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish haqida to‘xtaldi:

Yettinchidan, ko‘plab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko‘paytirish maqsadida nobank kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga bo‘lgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish so‘ralgan. Bu takliflar bizga juda ma’qul.

Shuning uchun, joriy yil 1 oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi, ular faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya.

Shuningdek, bundan buyon ularga kassa xonalari tashkil etish, hududlarda filiallar ochish uchun Markaziy bankning roziligini olish shart bo‘lmaydi.

Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million so‘m) va mikrolizing (600 million so‘m) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.

Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag‘lar jalb qilish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi.

Shuningdek, ushbu tashkilotlar xuddi banklar kabi to‘lovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega bo‘ladilar.

Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo‘shimcha 10 trillion so‘m mablag‘ shakllanadi.

Ikkinchi yo‘nalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi:

– Ma’lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi.

Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat’i nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan.

Budjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobiga, 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldilar.

Molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi. Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi.

Bu esa, o‘z navbatida tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion so‘m mablag‘ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi.

Lekin, soliq stavkalari va soliq ma’murchiligi bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan haqli savollar hali juda ko‘p.

Birinchidan, o‘tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin, 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, deb bezovta bo‘lmoqdalar.

Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020 yil fevral oyida «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.

Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi.

Lekin, bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish bo‘yicha katta islohotlarni olib borayapmiz.

Shu bois, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi.

Ushbu tartib tadbirkorlarga bir yilda o‘rtacha 350 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari soliq tizimini takomillashtirishga oid ikkinchi yo‘nalishni davom ettirdi:

Ikkinchidan, mamlakatimizda qurilish sohasida ham, katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha  50 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardan takliflar kelib tushgan.

Masalan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq sementning tannarxida – 14 foiz, asfaltda – 10 foiz, qum-shag‘al aralashmasida – 7 foizni tashkil etadi.

Shu bois, noruda qazilmalarga (qum-shag‘al, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi. Buning hisobiga, 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Uchinchidan, biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayapmiz. Yangi ish o‘rinlarini qisqa muddatlarda yaratadigan sohalardan biri ham servis sohasi hisoblanadi.

Pandemiya davom etayapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik og‘ir bo‘layotganinibarchamiz ko‘rib turibmiz, albatta.

Bu borada, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan o‘tgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish bo‘yicha 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Shu bois, jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir.

Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.

Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar?

Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard so‘m qoladi, degani.

To‘rtinchidan, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud.

Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llanilgan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.

Beshinchidan, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub’yektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi.

Hozirda, 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yo‘q. Oqibatda, soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.

Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinadi.

Shuningdek, soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani, meni xavotirga solmoqda. O‘tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, joriy yil 6 oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilangan.

Shuning uchun Qo‘chqorov, Ishmetov, Qudbiyev, Davletov, Qosimov bir oy muddatda, soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritsin.

Oltinchidan, amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobot topshirishi bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur.

Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lib, ular uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik degani.

Ishmetov, Qudbiyev bu masalani chuqur o‘rganib, kelgusi yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.

Yettinchidan, “Sag-Agro” korxonasi rahbari Kamol Abdullayev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachyot”ga olish, ya’ni o‘zaro hisob-kitob qilish imkoniyatini so‘ragan.

“Sag-Agro” korxonasining soliq bazasida 700 million so‘m ortiqcha to‘lovi bo‘la turib, bojxonada 1,4 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha to‘lashga majbur bo‘lgan.

Shuning uchun, kelgusi yildan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi.

Ya’ni, soliq idoralarida mavjud qo‘shilgan qiymat solig‘i ortiqcha to‘lovlar bojxona to‘lovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring