Tadbirkorlar uyi, So‘x va neftni qayta ishlash zavodi — Hokim batafsil ma’lumot berdi
Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha murojaat bilan chiqish qildi. Murojaatdan so‘ng ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida
Farg‘onada 2020 yilning 9 oy yakuni bilan deyarli barcha sohalarda iqtisodiy o‘sishga erishildi. Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan
101,4 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 100,4 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 103,1 foizga, qurilish ishlari
100,4 foizga o‘sdi.
Pandemiya bo‘lmaganda bu raqamlar ikki-uch barobar ko‘p bo‘lishi mumkin edi. Ammo shunda ham shukr qilish kerak, iqtisodimiz o‘sishda davom etmoqda. Prezident belgilab bergan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlay olganimiz tufayli shunday natijaga erisha oldik.
Pandemiya qachon yakunlanishi hali noma’lum, hamma har-xil taxmin bildirmoqda. Ammo bir narsa aniq — bir daqiqa ham bo‘shashishga haqqimiz yo‘q.
Murojaatlar haqida
O‘zbekiston tarixida ilk marta hokimlar xalqqa murojaat qilmoqda. Har bir shahar, tuman va viloyat hokimlari bu murojaat orqali juda katta vazifani yelkamizga olmoqdamiz.
Bizning eng asosiy vazifamiz — tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘lib qolishi lozim. Iqtisodiyotimizning ustuni aynan shunda va tadbirkorlik rivojlansa barcha muammolarimiz hal bo‘ladi. Biz tadbirkorni sizlab, unga xizmat qilishimiz lozim. Pandemiya vaqtida ham bizni og‘ir vaziyatdan tadbirkorlar olib chiqib ketdi. Shaxsan o‘zim 5 milliard so‘m ehson qilgan tadbirkorni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
Tadbirkorning katta kichigi bo‘lmaydi. Bitta ish o‘rni yaratsa ham unga rahmat aytib, qo‘llab-quvvatlash kerak. «Toma toma ko‘l bo‘lur», deyilgan. Bir kun kelib o‘sha kichik tadbirkor katta bo‘ladi.
So‘x tumani haqida
Farg‘ona viloyati, So‘x tumanida o‘nga yaqin foydali qazilma boyliklari aniqlandi. Endi ularda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun investitsiya masalasini o‘ylamoqdamiz. Nasib qilsa yaqin vaqtlarda tumanga yo‘l ochish masalasi ham hal bo‘ladi. Yaqinda Qirg‘izistondan delegatsiya keldi, ular bilan yaxshi mavzularda gaplashdik. So‘xga sarmoya kiritaman, degan investorlar bor, ammo tuman anklav hudud ekani sal muammo bo‘lib turibdi. Aslida tadbirkorlar So‘xning o‘zidan chiqsa yaxshi bo‘lardi. Biz bu tadbirkorni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Yangi loyihalar
Bizda bir yomon odat bor — biror loyiha boshlasak, rahbar sal nazoratni bo‘shashtirsa, tashlab qo‘yamiz. Yangi topshiriq bilan andarmon bo‘lib qolamiz. Ammo har bir qaror o‘zimizning foydamiz uchun chiqariladi. Biz hisobot emas, natija uchun ishlashimiz lozim.
Hech bir tadbirkor pulini qaytarib olishiga ko‘zi yetmasa, pul sarmoya tikmaydi. Biz kelasi yilda 500 million dollar xorij investitsiyasini jalb etishni ko‘zlab turibmiz. Bu mablag‘ 122 ta loyihaga yo‘naltiriladi. Bu shunchaki havodan olingan raqam emas, real hamkorlar bor va loyihalar qo‘limizda turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli O‘zbekiston iqtisodiga bo‘lgan ishonch mavjud.
Neftni qayta ishlash zavodi haqida
Bir vaqtlar Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi viloyat iqtisodiyotining ustuni edi. Ammo bugungi ahvol qoniqarli emas. Ko‘p yillar oldin korxonada 15 ming odam ishlab, viloyat budjetining 50-55 foizini berardi. Hozirda zavod 30 foiz quvatda ishlamoqda xolos, ishchilar soni 7,5 mingga tushib qolgan, to‘layotgan soliq umumiy tushumda 15-16 foizni tashkil etadi.
Shuni inobatga olgan holda, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 2021 yildan modernizatsiya boshlanadi va 2022 yil yakuni bilan raqobatbardosh zamonaviy korxona tashkil etiladi.
Modernizatsiya jarayonida bo‘shaydigan yer maydonlari va binolar o‘rnida «Qirguli» sanoat zonasi tashkil etiladi va bu hududda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etamiz.
O‘zSalaman fabrikasi haqida
Farg‘ona shahridagi «O‘zSalaman» AJ qo‘shma korxonasi bir vaqtlar brend sifatida mashhur edi. Ammo hozir mavjud ishlab chiqarish quvvatining 50 foizidan foydalanmoqda. Bino-inshootlarning yarmi bo‘sh turibdi. Mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda, korxonani modernizatsiya qilish orqali ishlab chiqarish hajmi va ishlovchilar sonini 2 barobarga oshirish choralari ko‘riladi.
Ma’lumot uchun: 1995 yilgacha sobiq «Farg‘onaobuv» korxonasi bo‘lgan. Bu yerda qariyib mingga yaqin ishchilar ishlagan. Hozirgi kunda «O‘zSalaman» AJ QKni 4 qavatli ishlab chiqarish binosini 3-4 qavatlari bo‘sh turibdi. 168 ta ishchilar ishlamoqda. (yana 400 ta ish o‘rni qilish mumkin)
Viloyat hokimining murojaatidan so‘ng matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda Xayrullo Bozorov barcha savollarga javob qaytardi.
— Marg‘ilonda suv-oqova tizimi ancha eskirgan. Shu sohani davlat xususiy sherikligi asosida bersa bo‘lmaydimi?
— Davlat xususiy sherikligi — tayyor ishlab turgan sohani tadbirkorga berish kerak, degani emas. Agar Marg‘ilon shahar kanalizatsiyasini sheriklikka olaman, buning uchun pul tikaman, yangi liniyalar tortaman, deb chiqadigan tadbirkorlar bo‘lsa, bajonidil rozimiz. Prezident topshirig‘iga ko‘ra 2025 yilgacha birorta ham suv yetib bormagan hudud qolmasligi kerak. Mana shu vazifa doirasida kanalizatsiya yetib bormagan birorta tuman ham qolmasligi lozim. Davlat hozir juda katta qarz olib shu ishni amalga oshirmoqda. Agar xususiy tadbirkor shu sohaga tiksa, biz faqat xursand bo‘lamiz.
— Kuni kecha Prezident suvni tejovchi texnologiyalar joriy etishni yanada jadallashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra 2021 yilning o‘zida 430 ming gektar yerga yangi texnologiya joriy etish talabi qo‘yilgan. Viloyatingiz bu talabni bajarishga tayyormi?
— Farg‘ona viloyati kelasi yilning o‘zida 50 ming gektar yerga suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilgan. Shundan 21,7 ming gektari tomchilatib sug‘orish, 10 ming gektar qayirma usulda va yana 2,7 ming gektari yomg‘irlatib sug‘orishga qaratilgan. Shuningdek yana 18 ming gektar yerni lazer usulida tekislash maqsad qilingan. Suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish O‘zbekiston sharoitida hayotiy zaruriyatga aylangan. Hozir qish, biz esa suv omborida yetarlicha suv yig‘ilishini Xudodan so‘rab turibmiz. O‘zi o‘tgan yili ham suv kam yig‘ilgan edi, bu yil esa o‘sha ko‘rsatkichdan ham 2,5 milliard kubga kamroq. Shunday ekan, suvni tejab ishlatmasak qishloq xo‘jaligini yuritishning imkoni qolmaydi. Biz Prezident qarorini bajarishga tayyormiz.
— O‘zbekistonda 4,4 million gektar haydab, sug‘oriladigan yer bor. Bu yerda aholining ishga yaroqli qismining 44 foizi mehnat qiladi. Ammo mamlakatda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning faqat 18 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Demak xulosa qilish mumkinki, qishloq xo‘jaligi madaniyati O‘zbekistonda umuman rivojlanmagan. Shu haqda nima deya olasiz?
— Biz dehqonchilikka ilmni joriy etishda ancha ortda qoldik. Oddiy misol — qishloq xo‘jaligida biz ishlatayotgan texnika qachon ishlab chiqilgan? Masalan, paxta ekadigan moslamalar o‘tgan asrning 60-yillarida ishlab chiqilgan. O‘sha texnika bilan bir gektar yerga 60 kilogrammlab urug‘ solinadi. Hozir shunaqa texnologiyalar chiqqanki, gektariga sarflanadigan urug‘lik 18 kilogrammdan oshmaydi. Yana kultivatorlarni olaylik, yoki boshqa texnikani — hammasi eskirgan. Biz endi qishloq xo‘jaligi texnikalariga e’tibor qarata boshladik. Bu borada Turkiya, Xitoy va boshqa yetakchi davlatlar tajribasiga tayanmoqdamiz. Xitoyda gektariga 60 sentnerdan kam hosil beradigan paxtadan voz kechilar ekan. Biz esa hosildorlikni endi 31 sentnerga chiqara oldik. Faqat ilmiy yutuqlardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligini ko‘tara olishimiz mumkin.
— O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida paxta va g‘alla yakkahokimligi yuzaga kelgan. Nima uchun boshqa ekinlarga e’tibor qaratmaymiz?
— Aslida paxta yetishtirish juda foydali soha hisoblanadi. Terib olgunga qadar katta ish kuchi ham shart emas. Xitoyda ko‘rgandim, 200 gektar yerda 2 kishi ishlar ekan holos. Paxtadan voz kechish kerak emas, balki uni yetishtirishni rivojlantirish lozim. Bir kilogramm ham paxta yetishtirmaydigan Bangladesh 35 milliard dollarlik trikotaj mahsulotlarini eksport qiladi. Bizning qanday kam joyimiz bor? To‘g‘ri, ilgari turli sanksiyalar tufayli faqat tolani eksport qilardik va 1 milliard dollarga sotardik, holos. Hozir Prezidentimiz tashkil etgan ish uslubi tufayli vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. Biz paxtani beshta siklda qayta ishlashga o‘tmoqdamiz. Bu orqali eksportni 10 milliard dollarga ko‘tarishimiz mumkin.
— Viloyatda Tadbirkorlik uylari qurilgan. Shuning bir jihatiga e’tibor qaratdik — sharoitlarga qaramasdan, tadbirkorlar juda kamchilikni tashkil etmoqda. Binolardan unumli foydalanish uchun nima qilish kerak?
— Tadbirkorlik uylarini qurganimizga 2 oy bo‘ldi. Bugun tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha viloyat hokimligi tizimida ikkita shtat bor. Savdo sanoat palatasida 18 kishi ishlaydi. Biznes ombudsmanda 5 kishi, Bosh vazir qabulxonasida yana 3 kishi faoliyat olib boradi. Yana bir agentlikda 14 kishi bor. Tadbirkorga yordam berish uchun davlatdan maosh olib ishlaydigan 28 xodim bor, yana mening o‘rinbosarimni ham hisoblasak — 29 kishi. Ammo ular o‘tiradigan bino turli joylarda joylashgandi. Tadbirkor bitta masalani hal qilish uchun shaharni aylanib chiqishi kerak edi. Biz hamma xizmatchilarni bir joyga yig‘ishga qaror qildik. Hokimlik tomonidan 900 million pul so‘m ajratildi, yangi texnika olib beramiz, loyihalar fabrikasi tashkil etamiz. Hokimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozadigan platformalar tashkil qilganmiz. Tadbirkorlar uyi televideniyeda reklama qilinmoqda. Ikki oyda murojaat qilganlar soni ikki mingdan oshib ketdi.Tadbirkor qachon hokimlikka ishonadi, qachonki masala hal bo‘lsa. Aks holda u ishonmaydi. Hozir tadbirkorlar murojaatini yechib berishni 59 foizga chiqardik. Agar hamma mutasaddilar bir joyda bo‘lsa, yechim topish oson bo‘ladi. Boz ustiga har hafta dushanba kuni hokim qabuli ham bo‘ladi. Har dushanba 30 dan 50 nafargacha tadbirkorni qabul qilyapman. Qaysidir sababga ko‘ra so‘rovi qondirilmagan tadbirkorga ham boshqa taklif bermoqdamiz. Ishoning, Tadbirkorlar uyi tez orada samara beradi. Agar tadbirkorning ishi hal qilib berilsa, odamlar yopirilib keladi.
Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter