Tadbirkorlar o‘rnatgan kameralar bo‘yicha YHXX bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar tomonidan yo‘llarga o‘rnatilgan kameralar oldida qoidabuzarlikka olib keladigan sharoitlar atayin yaratilayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
Toshkent shahridagi chorrahalarda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd qiluvchi kameralar bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida haydovchilar orasidagi norozilik holatlari bo‘yicha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) bayonot berdi.
«Oxirgi kunlarda Toshkent shahridagi chorrahalarda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi foto va video texnik vositalarining faoliyati to‘g‘risida bir qator lavhalar tarqatilib, munosabat bildirilmoqda. Mazkur lavha va munosabatlarda keltirilgan holatlar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan o‘rganilib borilmoqda», deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, o‘rganishlar davomida lavha va munosabatlarda keltirilgan holatlarga ob’yektiv baho berish, yo‘l infratuzilmasi hamda texnik vositalarning holatini qayta ko‘rib chiqish, chorrahalarda yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etish maqsadadi IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan.
«Bugungi kunda ishchi guruh tomonidan chorrahalarda yo‘l harakati qanday tashkil etilganligi (yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari to‘g‘ri o‘rnatilganligi, yo‘l chiziqlari chizilganligi va boshqalar), chorrahalardagi texnik vositalarning holati qaytadan o‘rganib chiqilmoqda. Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi», deyiladi bayonotda.
Avvalroq «Yuksalish» rahbari adolatsiz jarimalar bekor qilinishi kerakligini aytib chiqqandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter