Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyalarning «ichida gap ko‘p», biroq...

Sudyalarning «ichida gap ko‘p», biroq...

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar klubining forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda katta-kichik axborotlar berilgan bo‘lsa-da, yana ikki og‘iz  so‘z aytishga ehtiyoj borday...

 1

Aslida-ku, tez-tez yig‘ilish o‘tkazishga kimda toqat bor deysiz?! Klub a’zolarining-ku (ya’ni sudyalarning), qo‘yavering. Shundog‘am ishi boshidan oshib yotibdi ularning (ayniqsa, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda!)! Biroq shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda o‘zaro muloqot qilib, fikr almashmaslikning iloji ham yo‘q. Shundan kelib chiqib,  Sudyalar klubi o‘z a’zolari uchun maxsus elektron platforma joriy qildiki, huda-behuda yig‘ilishga hojat yo‘q, mana, virtual muloqot maydoni,  ish yuzasidan kimning qanday fikri, nima dardi bo‘lsa – bemalol o‘rtaga tashlasin, ular o‘rganiladi, muhokama qilinadi, umumlashtiriladi. Xulosa qilinadigan paytda birrov ko‘rishish qochmas...

Bo‘lib o‘tgan forum  aslida shu - «birrov ko‘rishish»dir.

Shundayam klubning hamma a’zolari Toshkentga yig‘ilmadi: poytaxtdagilar -  hammayammas, faqat klubning mas’ul a’zolari - Kengash binosida, viloyatdagilar videoaloqa  orqali qatnashdi.

Ancha-muncha gaplar yig‘ilib qolgan ekan-da...

2

Klubning onlayn platformasi ishga tushirilganiga oy to‘lmay unda naq 375 ta mavzu  muhokama qilinib, 1644 ta munosabat qoldirilgani sudyalarning «ichida gap yig‘ilib” qolganini ko‘rsatgandi.

O‘tgan sakkiz oyda esa birgina fuqarolik ishlari bo‘yicha  sud amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari, kazuslar va tushuntirishlar bo‘yicha 253 ta mavzu muhokama qilinibdi.

Muhokamalarda asosan mehnat, mulk va uy-joy, shuningdek, aliment, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirishga oid nizolarni ko‘rib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning huquqiy yechimlari, bu borada Oliy sud Plenumi qarori shaklida rahbariy tushuntirishlarga bo‘lgan ehtiyoj va qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar o‘rtaga tashlangan.

3

Xo‘p, sudyalar shuncha masala ko‘tarayotgan ekan,  klub nima qilib beraoladi?

O‘zbekiston Sudyalar klubi - moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar berish vakolatiga ega jamoatchilik tuzilmasi. Ha, uning tushuntirishlari – tavsiyaviy xarakterga ega, illo majburiy emas. Yo‘qsa, sudyalarning mustaqilligi qayerda qoladi?!  

Ikkinchidan, klubda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berish vakolati ham bor. Bunisi endi jiddiyrooq. Zero,  sudyalarning odob-axloq kodeksida  har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda majburiy bo‘lgan qoidalar belgilangan.

Forumda mazkur hujjatga qo‘shimchalar kiritish va belgilangan qoidalarni sharhlash zaruriyati borligi ham aytildi.

4

Bayonlardan forum  jonli, bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tganday tuyulishi mumkin. Darhaqiqat, shunday. Ammo «bir hovuch» sudyalarning faolligi bilangina  samaradorlikni oshirish qiyin. Shu bois  klubga a’zo sudyalarni yana-da faol bo‘lishga chaqirildi. Aytildiki, merosga oid nizolar bo‘yicha «brak»ka chiqayotgan  sud qarorlari oz emas. Uyga kiritib qo‘yishga oid nizolar xususida gap shu. Yana shunday  sud qarorlari bor – qonuniy, ammo ijro etishning imkoni yo‘q...

Shu va shu kabi holatlarda o‘zaro muloqot, maslahat-u mashvarat orqali yechim topiladi, axir?!

5

Klub elektron platformasida ko‘tarilgan ayrim masalalar – sudya  o‘z faoliyatida duch kelayotgan huquqiy jumboq. Buning sud qarorlari sifatiga ta’sir etishi ehtimoli katta. Biroq bundan fuqarolik ishlari sudlar muammolar girdobida qolibdi-da, degan xulosaga bormaslik kerak. Kundan kunga desak - lof bo‘lar, biroq yildan yilga fuqarolik-huquqiy munosabatlarning yangi-yangi qirralari paydo bo‘layotgani bor gap. Shunday ekan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi  qonunlarda qanday bo‘shliq bor, ularni boshqa huquqiy hujjatlar bilan taqqoslaganda qanaqa nomutanosibliklar ko‘zga tashlanmoqda, qaysi qonunga qanday qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj paydo bo‘lyapti –  bular izchil o‘rganib boriladigan masaladir. Bunday masalalarning aksariyati sud amaliyotida yuzaga chiqadi.  Shu ma’noda O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilib, uning elektron platformasi ishga tushirilishi yuzaga kelayotgan huquqiy jumboqlarga tezroq yechim topilishida muhim vosita bo‘lishi bilan ham ahamiyatlidir.

6

Aytgancha, bo‘lib o‘tgan tadbirda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari sudyalari faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi. Xuddi shunday  forum yaqin kelajakda jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy sudlar sudyalari bilan alohida-alohida o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring