Sudyalarning «ichi»da gap ko‘p. Biroq... (ikkinchi maqola)
1
Bu galgi tadbir avvalgilariga qaraganda yanada jonli, yanada jo‘shqin va, albatta, bahs-munozalarga boy tarzda o‘tishi kutilgandi. Bashoratlar qisman o‘zini oqladiku-ya, biroq mutasaddilarning ko‘ngli ko‘pam to‘lmadi baribir. Sabab – faollik kutilgan darajada emas. Hali-hamon tortinish, istihola kuchli...
Gap nima haqda ketayotganini aytmadik-a, uzr.
Demak, bir boshdan.
2
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar klubining navbatdagi forumi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi tadbir jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning sudyalari faoliyatiga bag‘ishlandi (avvalroq o‘tkazilgan xuddi shunday forumlarda dastlab fuqarolik ishlari bo‘yicha, so‘ng iqtisodiy sud sudyalar faoliyati, ular duch kelayotgan muammolar hamda uning yechimlari muhokama etilgani xabari berilganidan voqifsiz).
Sudlarni bir-biriga taqqoslash – noto‘g‘ri aslida. Barcha sudlarning o‘z o‘rni va o‘ziga xos quvvati bor. Pirovard maqsad esa bitta: jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash.
Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati insonning moli-mulkiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdiriga bog‘liq. Shundanmi, ayni sudlarga nisbatan ko‘pchilikning qarashlari ayricha. Turgan gapki, mas’uliyat ham shunga yarasha. Birgina protsessual qonun normasining noto‘g‘ri qo‘llanishi sudlanuvchining taqdiriga yaxshigina ta’sir etishi barobarida sudyaning o‘ziga ham muammo tug‘dirishi mumkin. Qonunchilik, xususan, jinoyat qonunchiligi yildan yilga o‘zgarib, to‘ldirib borilmoqda. Yangiliklar qancha?!
3
Shunga qaramay ayrim hollarda qonunlardagi nomuvofiqliklar yoki huquqiy jumboqlar («kazus») lop etib chiqib qolayotgani ham bor gap. Shunday holatlarda sudyalar «delo»ni qo‘ltiqlab sud raisiga chopishi yoki tajribaliroq hamkasbiga maslahat solishi - odatiy hol. Buning noto‘g‘ri jihati yo‘qdir balki, biroq bitta kalla – bitta, ikkitasi – ikkita-da. Sudyalar oliy kengashi huzuridagi O‘zbekiston Sudyalar klubi aynan shuning uchun tashkil etilgan, ya’nikim, klub moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha sudyalarga tavsiyaviy xarakterdagi maslahatlar berish vakolatiga ega. Buning uchun klub maxsus elektron platformani ishga tushirib qo‘yibdi: yozing, muhtaram sudya, murojaat qiling – nima muammo, hammasiga ko‘-o‘plashib yechim topiladi, illo, oxirgi qaror – sizdan, chunki, mustaqilsiz.
O‘tgan vaqt davomida klubning elektron platformasida jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 184 ta mavzu bo‘yicha 1250 ta munosabat qoldirilgan.
4
Raqamlar klub a’zolari (sudyalar) faol, muhokama qilishga loyiq masalalar yetarli ekaniga dalolat qiladi, albatta. Shuningdek, Sudyalar klubi va uning asosiy faoliyatiga aylangan elektron platforma vaqtida joriy etilganini ham ko‘rsatib turibdi. Biroq virtual muhokamalarda faol ishtirok etayotganlar ko‘p emas. Klubning aksariyat a’zolari kuzatuvchi «maqomi»ga o‘tvolgan go‘yo. Vaholanki, muhokama etilayotgan asosiy mavzular anchayin jiddiy. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, jazo tayinlashda koloniya turini belgilash, bir nechta jinoyatlar uchun (Jinoyat kodeksi, 59-moddasi) yoki bir nechta hukm yuzasidan jazo tayinlash (Jinoyat kodeksi, 60-modda), shuningdek, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashga (Jinoyat kodeksi,122-moddasi) oid masalalarda sudyalarning ko‘p boshi qotmoqda. Jinoyat qonunchiligiga kiritilgan yangi institut - «dastlabki eshituv» masalasida ham gap shu: bu borada yana-da kengroq tushuntirishlar ehtiyoj bor...
Ko‘rinadiki, sudyalarning o‘ylantirayotgan asosiy masala – jazo tayinlash bilan bog‘liq. Shuningdek, zararni qoplashga doir masalada ham e’tibor berilishi shart bo‘lgan holatlar ham talaygina ekan.
5
Har ishning samarasi uning natijasiga qarab baholanadi. Jinoyatning yakuni – jazo. Ya’nikim, oxirgi nuqta qo‘yish vakolati sudga berilgan. Jazo qonuniy bo‘lishi barobarida asosli va adolatli bo‘lishi kerakligi ma’lum. Ushbu uchta omilni jamlash oson emas. Shunday ekan, protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llashda sudya ehtiyoj sezilyaptimi, mana, klub va uning elektron paltformasi, tajribali sudyalar maslahatlarini darig‘ tutayotgani yo‘q. Inson taqdiri bilan bog‘liq masalada tortinish, istehola ketmaydi. Hazrat Navoiy ham aytganlar-ku: bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim, deb.
Eng yomoni, sudyaning «orlanib so‘ramagani» o‘zigagina emas, sudlanuvchiga ham zulm bo‘lishi ehtimoli bor...
6
O‘rni kelganday aytish kerak: sudyalardagi tortinchoqlik, istehola, boringki, «och qornim – tinch qulogim»ni astoydil hurmat qilishida tizimning katta-kichik rahbarining ham «hissa»si yo‘q emas. Chunki, yaqin-yaqingacha quyi sudlarning faqat kamchiliklarini topish va majlislarda «oborib-olib kelish» – asosiy mezon shu edi. Endi vaziyat o‘zgaryapti: kamchiliklardan ko‘z yumilmaydi – aniq, shu barobarida zarur maslahat, huquqiy yo‘l-yo‘riq va albatta ularning chinakam mustaqilligini ta’minlashda zarur-choralar ko‘rish sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotir... Baski, sudyalar ham ortiqcha andishani yig‘ishtirib, «o‘zligini namoyon etish» vaqti yetdi.
Shundan kelib chiqib, bo‘lib o‘tgan forumda «...klub tashkil etilgan xo‘b yaxshi bo‘ldi», deya quruq lutfdan boshqa gap aytmagan sudyalar tanqid qilingan bo‘lsa, muammolarni ko‘ndalang qo‘yganlari haqli e’tirof etildi.
7
Endi gapni rasmiyroq ohangda tugatsak?
Tadbirda jinoyat ishlari sudlari sudyalar faoliyatida uchrayotgan yana bir qator masalalarning huquqiy yechimlari muhokama qilindi. Shuningdek, sudyalar daxlsizligi ta’minlanishining samarali mexanizmlari, Sudyalar odob-axloq kodeksiga qo‘shimcha va tushuntirishlar berish zaruriyati yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.
Yana bir gap. Oldinda Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar klubining xuddi shunday yana forumi kutib turibdi. Unda ma’muriy sudlar sudyalari faoliyati, ular duch kelayotgan muammolar va ularning yechimlari tahlil qilinadi.
Bu haqdayam gaplashamiz, nasib...
Sudyalar oliy kengashi
matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter