Toshkentda sudyalar turmush o‘rtoqlari bilan kinoga taklif etildi. Maqsad – madaniy hordiq emas...
Xuddi shunday: shanba – dam olish kuni poytaxt sudlari sudyalari turmush o‘rtoqlari bilan Alisher Navoiy nomidagi kino saroyiga (sobiq «Panorama») taklif etildi.
Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirdan murod — madaniy xordiq emas. Balki davlat rahbarining o‘tgan yilning 7 dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi sonli farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlardan biri o‘laroq o‘tkazildi.
Qayd etilgan farmonda sud tizimida korrupsiyaning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa sifatida qo‘yilgan ekan, quruq ma’ruza yoki turfa raqamlar bilan qog‘oz bezash orqali uning sifatli ijrosini ta’minlab bo‘lmaydi.
Shundan kelib chiqib, Sudyalar oliy kengashi noan’anaviyroq yo‘l tutdi. Ya’nikim, Kengash buyurmasiga ko‘ra, qisqa metrajli «Pushaymon» filmi suratga olingandi. Mansabini suiiste’mol qilgani ortidan jinoiy javobgarlikka tortilgan tizim sobiq vakilining ayanchli qismati haqida hikoya qiluvchi mazkur film ishtirokchilarga qo‘yib berildi.
Tadbirga sudyalarning turmush o‘rtoqlari ham taklif etilgani boisiki, oila – jamiyatning ajralmas qismi, undagi muhitning jamiyatga ta’siri o‘z-o‘zidan ravshan. Insonning kamolida ham, zavolida ham oilaning o‘rni katta. Shu oddiy va o‘lmas haqiqat unutilmasa, oilaga qo‘shilib, jamiyat ham farovonlashib boraveradi. Zero, halollikni kasb qilmoq sudya uchun qanchalar muhim bo‘lsa, qonun ustuvorligisiz taraqqiyotga erishmoq qiyin. Qonun ustuvorligini ta’minlamoq esa sudyalarning chekiga tushgan.
Shu tariqa, bo‘lib o‘tgan tadbirda ma’ruzabozlik bo‘lgani yo‘q. Quruq va uzoq gapirilib, hech kimning enasani qotirilmadi. Tadbir boshida maqsad-muddaoni tushuntirgan Kengash raisi, xulosa hammaning o‘ziga tan deb, gapni qisqa qilganining sababiyam shunda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter