Sudlov tizimida nima yangiliklar bo‘lmoqda?
2018-yil 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlar, harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jamiyatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimidagi islohotlarni izchillik bilan davom ettirish, fuqarolarning sudga murojaat qilish hamda sud orqali himoyalanish huquqlarini yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, joriy yilning 1-aprel kunidan e’tiboran yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks va Iqtisodiy protsessual kodeksi amalga kiritilgani jamiyatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Dunyoning taraqqiy etgan davlatlarining ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish, islohotlar jarayonida to‘plangan boy tajribamiz asosida ishlab chiqlgan ushbu hujjatlar hech shubhasiz, odil sudlov samaradorligini yanada oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yangi, zamonaviy mexanizmlar orqali kafolatli himoya qilish, sudlar faoliyati shaffofligi va ochiqligini ta’minlashda o‘ta muhim o‘rin tutadi.
O‘z navbatida, yuqorida qayd etib o‘tilgan qonun hujjatlarini sudlar tomonidan bir xilda qo‘llash, bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish — Oliy sud Plenumining tegishli qarorlarini qabul qilishni taqozo etayotgan edi.
Shu ma’noda Oliy sud tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan sud amaliyoti chuqur o‘rganildi va Oliy sud Plenumining bir qator qarorlari loyihalari ishlab chiqildi.
Jumladan, Plenum majlisida «Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida», «Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» va «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, Plenum majlisida muhokama etilgan «Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilingani hamda birinchi instansiya sudi tomonidan qonun normalari bir taxlitda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Ushbu qaror bilan sudlarning e’tibori, protsessual normalarga rioya qilmaslik taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga olib kelishini inobatga olgan holda, fuqarolik ishlarini ko‘rishda fuqarolik protsessual qonun normalariga qat’iy rioya etish zarurligiga qaratilmoqda.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi qabul qilinganligi, shuningdek, qonun normalarini bir taxlitda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida «Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Plenum qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qaror bilan sudlarning e’tibori ma’muriy ishlarni yuritish bo‘yicha protsessual qonun normalarida belgilangan tartibga qat’iy rioya etish, ularni ko‘rib chiqish sifatini yaxshilash, har bir ish bo‘yicha qonuniy va asoslantirilgan qaror qabul qilish zarurligiga qaratilmoqda.
Ma’lumki, milliy qonunchilikni zamon talabidan kelib chiqib, takomillashtirib borish o‘z navbatida, amaldagi me’yoriy hujjatlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etadi. Ayni shu zaruratdan kelib chiqib, Plenum majlisida muhokama etilgan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi bilan amaldagi Plenum qarorlariga zarur qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu o‘z navbatida, jinoyat ishlarini to‘g‘ri malakalash, asosli va adolatli qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.
Majlisda muhokama etilgan yana bir masala — «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi Plenum qarori loyihasi bo‘ldi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter