Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» – Buxoro hokimini nima qo‘yushqondan chiqargandi

«Sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» – Buxoro hokimini nima qo‘yushqondan chiqargandi

Joriy yilning 12-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning mutasaddilar bilan xususiy bog‘chalardan birida bo‘lgani va bir nechtasini buzdirib tashlattirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Tarqalgan videotasvirda viloyat hokimi, jumladan, «sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» degan. Shuningdek, u «Bog‘cha hududiga kirganlarni hammasini huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘qlarini hech kimni eshitmasdan buzasan. Bugunni o‘zida buzib tashlaysan, narsalari bilan, ichidagi odamlari bilan ko‘mib tashlaysan, k chyortu. Bo‘ldi endi sud-pud, deb erkalatgani», degan Buxoro shahar hokimi o‘rinbosariga qarata.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati yuqoridagi videotasvirda ketgan so‘zlar Buxoro viloyati hokimi tomonidan aytilganini inkor qilmadi. Biroq keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat aslida qanday? Viloyat rahbari «xususiy bog‘chani buzib tashlash» kerakligi yuzasidan topshiriq berganmi?

Buxoro villoyati hokimi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayevning  «Xabar.uz»ga bildirishicha, aslida Buxoro hokimi Botir Zaripov ishchi guruhi bilan joriy yilning 22 may kuni Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan. Bunda u davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirgan. U yerdagi og‘ir ahvol, ayniqsa, bog‘chaga tutash umumiy ovqatlanish ob’yekti tomonidan muassasada hududining tegishlicha maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganiga, bolalar hayoti xavfsizligi ta’minlanmaganiga guvoh bo‘lgan. Buxoro shahar markazidagi bunday achinarli ahvoldan va bolalar taqdiridan xavotirlangan viloyat rahbari jahl ustida javobgar mas’ullarga tadbirkorning o‘zboshimcha xatti-harakatlariga nisbatan: «sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlash» haqida tanbeh bergan. 

Bildirilishicha, Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi 140 o‘ringa mo‘ljallangan. 1961 yilda qurilgan va hozirda ta’mirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan  mahalliy budjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

O‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha mas’ullariga topshiriqlar bergan.

«O‘rganish jarayonida tadbirkorning bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochganiga, bundan tashqari, bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganiga guvoh bo‘ldik», - deydi Olim Jo‘rayev.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash vazifalari yuklatilgan. 

Videolavhada tilga olingan «buzib tashla» jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan. Va asosiy maqsad viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida: Bundan ilgari Buxoroda e’tiborsizlik oqibatida bog‘cha bolasining tok urishi oqibatida vafot etgan hamda tok urishidan vafot etgan bog‘cha tarbiyalanuvchisi ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilgan edi. 

«Ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani «hokim xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq berayapti” tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», - deydi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Feruz Hamroyev.

Bildirilishicha, viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga «hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanilgan. Noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha ta’lim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.

Rasmiy munosabatda viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishi, birorta noqonuniy buzilish amalga oshirilmasligi ta’kidlab o‘tilgan. Ushbu holatda esa viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishiga to‘g‘ri kelgani vaj keltirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring