Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Starlink G‘azoga internet bermoqchi. Isroil kompaniya bilan aloqasini uzganini e’lon qildi

Starlink G‘azoga internet bermoqchi. Isroil kompaniya bilan aloqasini uzganini e’lon qildi

Ilon Mask G‘azodagi xalqaro tashkilotlarga internet aloqasini tiklashda yordam berishga va’da berdi.

Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlari G‘azo sektorida gumanitar yordam ko‘rsatuvchi xalqaro tan olingan tashkilotlarga taqdim etiladi. Bu haqda Starlink asoschisi Ilon Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

«Starlink G‘azo sektoridagi xalqaro miqyosda tan olingan yordam tashkilotlari aloqasini tiklaydi», – deb yozdi Mask.

Mask G‘azo sektorida Starlink’ni «yerdagi» aloqa yo‘llari bilan ulash uchun kim mas’ul ekanini bilmasligini aytadi. Uning ta’kidlashicha, shu kunga qadar G‘azodan bironta ham terminal Starlink sun’iy yo‘ldoshlari guruhi bilan aloqa o‘rnatishga urinish bo‘lmagan. Biroq, tadbirkor xalqaro tashkilotlar va BMT uchun aloqalarni taqdim etishga va’da berdi.

Shu bilan birga, Falastin milliy ma’muriyatining aloqa vaziri «Al-Hadath» telekanalida ma’muriyat Starlink kompaniyasi bilan G‘azoda aloqani tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya ijobiy javob bergan.

27-oktyabr oqshomida Al Arabiya telekanali Isroil armiyasi G‘azo sektori shimolini HAMAS bilan urush boshlanganidan beri eng yirik bombardimonlarga duchor qilgani haqida xabar berdi. Guruh vakilining aytishicha, Isroil G‘azoda «aloqa va internetning katta qismini uzib qo‘ygan».

Keyinroq Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyati tashkilotning G‘azo sektoridagi operativ shtab-kvartirasi va mintaqada ishlayotgan mutaxassislar bilan aloqani butunlay yo‘qotgani haqida xabar berdi. Tashkilotning tushuntirishicha, aloqa uzilishlari tez yordam 101 ishonch telefoni ishiga ta’sir qilgan, bu esa jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni qiyinlashtiradi.

O‘z navbatida, Ilon Maskka javoban Isroil uning kompaniyasi bilan aloqalarni uzganini e’lon qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring