Munosabat: bag‘rikenglik adovatga qarshi o‘ziga xos qalqon
Hamjihatlikda, totuvlikda gap ko‘p. Amir Temur xiyobonida yuz bergan noxush voqea bizning mintalitetimizga, qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydi. Shu bilan birga biz demokratik jamiyat qurayapmiz, shunday ekan, bizning har bir harakatlarimizni qonunlar bilan muvofiqlashtirimiz, fikrlar xilma - xilligiga sog‘lom fikr bilan javob berishimiz shart.
Har bir hatti-harakatning huquqiy asoslari mavjud. Bu huquqiy asoslar biror shaxsning yoki millatning daxlsizligiga soya solmaydi. Biz o‘zga millat vakillari bilan ahil va inoq yashayapmizmi, bu hamjihatlikka kuni kecha bo‘lib o‘tgan noxush vaziyatlar soya solmasligi, o‘zga millat vakillari xotirjamligiga putur yetkazmasligi shart. Demokratik jamiyatda diniy erkinlik degani o‘zga fikrli insonlarni yoki e’tiqodi boshqa fuqarolarga zo‘rovonlik ishlatish degani emas. Yoki demokratiya degani millat qadriyatlariga mos bo‘lmagan, o‘zgalarning sha’ni va qadr qimmatini yerga uradigan yot g‘oyalarni baralla bor ovoz bilan targ‘ib qilish degani emas. Har bir millatning o‘z ardoqlagan qadr qimmati va axloq normalari bor.
Diniy bag‘rikenglik zamindagi adovatlarga, toqatsizlikka qarshi o‘ziga xos qalqon vazifasini o‘tagan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu esa o‘z navbatida yurt tinchligi va rivojiga, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyatning keng rivojlanishiga xizmat qilgan.
Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ularga nisbatan bag‘rikenglik, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida uning qonuniy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda belgilab berilgan. Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston davlati o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yildi.
Kuni kecha Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan noxush vaziyat har birimiz uchun saboq bo‘lishi tabiiy. Har ikki tomon ham o‘z videochiqishlarida qonunni bilmasliklarini va bu hatti harakatlari noto‘g‘ri ekanliklarini tan olib gapirishdi. Bu esa har birimizdan yana bir bor ogoh bo‘lishimizni, turli dinlarga e’tiqod qiluvchilarning e’tiqodidan qat’iy nazar bir jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hamkorlik tamoyillari asosida, teng huquqli tarzda hayot kechirishlari, avvalo har bir insonga bog‘liq ekanligini yana bir bor anglab yetishimizga turtki bo‘ldi.
Rahmatilla Jabborov,
O‘zbekiston qirg‘iz milliy-madaniy markazi raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter