Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq madaniyat vaziri, olim Zafar Hakimov vafot etdi

Sobiq madaniyat vaziri, olim Zafar Hakimov vafot etdi

Yirik davlat va jamoat arbobi, arxeolog olim hamda madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan Hakimov Zafar Abdullayevich vafot etdi. 

 Zafar Hakimov 1942-yil 14-avgustda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1964-yilda Toshkent davlat universitetini tugatgan. 1964-1985-yillarda San’atshunoslik institutida laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

 Z.A.Hakimov turli yillarda davlat tashkilotlarida rahbar va mas’ul lavozimlarda, xususan 1985-1988-yillarda O‘zbekiston Badiiy fondi direktori, 1988-1990-yillarda O‘zbekiston KP markaziy qo‘mitasi madaniyat bo‘limi mas’ul xodimi, 1990-1992-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparati madaniyat, fan, ma’naviy tarbiya masalalari bo‘yicha yetakchi konsultanti, 1992-1993-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, vaziri, 1993-1995-yillarda O‘zteleradiokompaniya raisining birinchi o‘rinbosari, 1995-1997-yillarda O‘zteleradiokompaniya raisi, 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparati jamoat tashkilotlari bilan aloqalar bo‘yicha yetakchi konsultanti va 1998-1999-yillarda “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti yetakchi ilmiy muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

 1999 yildan boshlab “Moziydan sado” amaliy, ma’rifiy jurnalining Bosh muharriri lavozimida mehnat qilib kelgan. Jurnal ilmiy jamoatchilik orasida o‘z nufuziga ega. 

Faoliyati davomida tarix, arxeologiya, arxitektura masalalariga bag‘ishlangan 50 ta maqolalari, monografiya va qo‘llanmalari respublika nashrlarida chop etilgan. Olim 1970-1979-yillarda sovet-afg‘on arxeologik ekspeditsiyasi tarkibida Shimoliy Afg‘onistonda o‘nlab qadimiy voha va manzilgohlarni kashf etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring