So‘nggi ikki yilda 400 nafar yoshlar «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali xorijga o‘qishga yuborildi
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yilda 400 nafar yoshlarimiz «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali chet ellardagi eng nufuzli oliygohlarda o‘qishga yuborildi.
«Misol uchun, toshkentlik Lamiya Xudoyarova Oksford universitetiga, buxorolik Rasulbek Bahodirov London universitetiga, samarqandlik Nilufarxon Ro‘ziyeva Chikago universitetiga o‘qishga qabul qilindi.
Bunday yigit-qizlar har bir viloyatimizda ko‘plab topiladi.
Iqtidorli yoshlarimiz so‘nggi bir yil ichida xalqaro fan olimpiadalarida 255 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Shu bilan birga, joriy yilda 382 nafar sportchi yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda 419 ta sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Jumladan, Nodirbek Abdusattorov va Umida Omonova – tezkor shaxmat bo‘yicha, Zuhriddin Qodirov qilichbozlik bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgani, 23 yoshgacha futbolchilarimiz Osiyo chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritgani, shubhasiz, butun xalqimizga g‘urur bag‘ishladi.
Men ana shunday ilmli, irodali va qobiliyatli farzandlarimiz borligidan faxrlanaman. Ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga alohida rahmatlar aytaman», — dedi Prezident.
«Bu o‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning oltin fondi, Uchinchi Renessans bunyodkorlari, desam, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonning kelajagi hisoblangan bunday fidoyi, bilimli, zukko va vatanparvar o‘g‘il-qizlarimiz barchaga namuna bo‘lishi kerak.
Aziz farzandlarim!
Har safar sizlar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotganimda, meni bir savol chuqur o‘ylantiradi.
Ertangi kunimiz egalari hisoblangan yoshlarimizning yanada barkamol bo‘lishlari uchun yana qanday shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim?
Bugungi forumga ham O‘zbekiston yoshlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar bilan keldim.
Eng avvalo, yoshlarimizning zamonaviy kasb va bilimlarni egallash imkoniyatlarini kengaytiramiz.
Xabaringiz bor, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning masalalarini hal etish maqsadida joriy qilingan «Yoshlar daftari» tizimi amalda ijobiy natijalar bermoqda.
Lekin, shuni ham unutmaslik lozimki, yoshlarning dunyoqarashi, ularning muayyan bir kasbga bo‘lgan qiziqishi 14 yoshidan, ya’ni maktab davridanoq shakllanadi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter