Sog‘lom turmush tarzining olti muhim sharti. Ular nimalardan iborat?
— Olimlarning fikricha, sog‘lom turmush tarzi olti asosiy shartga amal qilishga asoslanadi, — deydi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova. — Ulardan birinchisi, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘lib, kundalik iste’mol qilinadigan oziq-ovqatlarni organizmning fiziologik, biologik talablari asosida tanlash va iste’mol qilishdir.
To‘g‘ri ovqatlanish shunday tashkil etilishi kerakki, u o‘zining fizik, kimyoviy hamda biologik xususiyatlari bilan inson tanasiga og‘irlik qilmasin, aksincha, tez va oson hazm bo‘lib, organizmni kerakli ozuqaviy moddalar bilan ta’minlasin.
Ikkinchi shart — doimo harakatda bo‘lish. Kishi kundalik hayotda jismoniy mashqlar, sport o‘yinlari, badanni chiniqtiruvchi muolajalar bilan ko‘proq shug‘ullansa, organizmdagi fiziologik, biologik jarayonlar faollashadi. Natijada, kayfiyat ko‘tarilib, ishchanlik qobiliyati ortadi. Shubhasiz, bu salomatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga egadir.
Uchinchi shart — kun tartibi va ishni biologik rejim asosida tashkil qilish. Koinotda tabiiy hodisalar ma’lum bir tartib asosida takrorlanadi. Xususan, quyoshning har kun ma’lum vaqtda chiqishi va botishi, yil fasllarining har yili takrorlanishi tabiatdagi barcha harakatlar ma’lum bir tartibga bo‘ysunishidan dalolatdir. Va inson ham bundan mustasno emas.
Misol uchun, inson tanasidagi faollik kunduzi ortadi, kechasi susayadi. Shu bois ham ish kuni, dam olish vaqti to‘g‘ri rejalashtirilgan bo‘lishi kerak.
To‘rtinchi shart — ruhiy osoyishtalikni ta’minlash. Ma’lumki, bizning tanamiz, ichki a’zolar faoliyati asab tizimiga bevosita daxldor. Ularning me’yoriy faoliyati ruhiy holatimiz, kayfiyatimizni belgilaydi. Shu ma’noda huda-behudaga jizzakilik qilmay, yaxshi narsalar haqida o‘ylab, oqilona fikrlash, yomonliklardan tiyilish, nafsga erk bermaslik, xushfe’l, xushmuomala bo‘lish sog‘liqni saqlash va mustahkamlashning garovidir.
Beshinchi shart — ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik singari zararli odatlardan tiyilish. Bu illatlarning sog‘liq va turmushga ziyoni bisyorligini alohida ta’kidlab o‘tirishga hojat yo‘q. Zero, bunday kishilarning hayotga befarq, kun o‘tsin uchun yashovchi, o‘z sog‘lig‘i va kelajagini o‘ylamaydigan zaif odamlarga aylanib qolishi hayotda ko‘p kuzatilgan. Bu achinarlidir.
Oltinchi shart — ozodalik, orastalikka rioya qilish, atrof-muhitga munosabat masalasi. Kundalik hayoti asnosida inson atrof-muhitga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, hayotimiz uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqatlardan chiqindi hosil bo‘lishi o‘ta tabiiy hol.
Bilasiz, chiqitlarni to‘g‘ri kelgan joyga tashlash tufayli atrof-muhit ifloslanadi: suv, tuproq va havoda salomatlikka salbiy ta’sir qiluvchi omillar vujudga keladi. Shuning uchun ham ozodalikka qat’iy amal qilish kundalik turmushimizda odatiy holga aylanishi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter