Sloveniya hukumati ham Falastinni rasman tan olish jarayonini tezlashtirdi
Sloveniya hukumati Falastin davlatini rasman tan olish taklifini ma’qulladi. Bu haqda hukumat yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bosh vazir Robert Golob ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ushbu tashabbusni tasdiqlash uchun Milliy Assambleyaga (parlament) yuborgan.
Kelgusi hafta Qonunchilik palatasi ushbu masalani ovozga qo‘yishi kutilmoqda.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Sloveniya Falastinni 1967 yilgi chegaralar doirasida va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyusiyalariga muvofiq mustaqil va suveren davlat sifatida tan olish niyatida.
Uning ta’kidlashicha, hozir Yaqin Sharqda doimiy tinchlikni ta’minlash va ikki davlat qaroriga o‘tish uchun qulay vaqt.
Lyublyana may oyi boshida Falastinni tan olish jarayonini boshlagan edi. Biroq mamlakat rasmiylari G‘azo sektoridagi «vaziyat yaxshilanmaguncha» qaror qabul qilish kechiktirilgan edi. Yaqinda Isroilning Rafahdagi tinch aholi chodirlariga bergan havo zarbalaridan so‘ng Sloveniya protsedurani tezlashtirishga qaror qildi.
Falastin hozirda BMTga a’zo 140 dan ortiq mamlakat tomonidan davlat sifatida tan olingan.
Bir muddat oldin, ya’ni 28-may kuni ham Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan olgan edi.
Isroil tomoni esa yangi uyg‘ongan «tan olish to‘lqini» keskin qoralab kelyapti. Ular mazkur davlatlarning bu qarorga kelishini «terrorizmni rag‘batlantirish» deya nomlashdi. Isroil davlatining elchilari Falastinni tan olishga qaror qilgan bir qancha davlatlardan chaqirib olingan.
Sinxua agentligining 31-may holatiga keltirgan ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilning oktyabridan to shu kunga qadar Isroil harbiylari G‘azoda 36 224 nafar falastinlikni o‘ldirdi. 81 777 nafar mahalliy aholi yarador bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter