Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryolik «xaker» 67 kishining hisobidan pul o‘mardi

Sirdaryolik «xaker» 67 kishining hisobidan pul o‘mardi

Kollaj: «Xabar.uz»

Bugungi hayotimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish juda mushkul. Ammo hayotda har bir narsaning yaxshi va yomon tomoni bo‘lgani kabi texnologiyalar yutuqlaridan g‘araz maqsad yo‘lida foydalanayotgan kimsalar ham uchrab turadi.

Ayni shunday jinoiy qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining  «Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar» bobida javobgarlik belgilangan. Xususan, kompyuter tizimida saqlanayotgan yoki uzatilayotgan axborotni ruxsatsiz yo‘q qilib yuborish, to‘sib qo‘yish, modifikatsiyalashtirish, undan nusxa ko‘chirish yoki uni qo‘lga kiritish maqsadini ko‘zlab kompyuter dasturlarini yaratish yoki mavjud dasturlarga o‘zgartirishlar kiritish, xuddi shuningdek, maxsus virus dasturlarini ishlab chiqish, ulardan qasddan foydalanish yoki ularni qasddan tarqatish — eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bordi-yu, o‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi naqd.

Boyovutlik Jamshid Jumaqulov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham shaxsiy manfaati yo‘lida ana shunday jinoyatga qo‘l urib, bir emas, ikki emas, naq 67 nafar kishini chuv tushirdi.

Xo‘sh, qanday qilib dersiz?

Avvaliga u o‘zi rejalashtirgan «usul»ni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda 2018 yil 10 yanvar kuni o‘zining «Lenovo» rusumli uyali telefon apparati orqali Shohjahon Omonov nomidagi +998 9. ...-88-82 raqamidan «Telegram» ijtimoiy tarmog‘iga kirib, bu raqamga o‘zining shaxsiy profilini ochadi. So‘ngra tarmoqqa o‘zi yuklab olgan «Sexy girls» nomli virus dasturini Javlonbek Ahmadjonov nomiga ochilgan telegram raqamiga yuboradi. Oqibatda Javlonbekning telefon apparati blok holatiga tushib qoladi. Keyin Jamshid Javlonbekka qo‘ng‘iroq qilib, telefonini blokdan yechib berish evaziga «CLICK» xizmati va «PAYNET» tizimi orqali yuqoridagi ...-88-82 raqamga 17 000 so‘m tushirish zarurligini aytadi va niyatiga yetadi.

Albatta, reja «sinov»dan muvaffaqiyatli o‘tgach, Jamshid endi kattaroq pul o‘marishga kirishadi. Binobarin, yuqoridagi usulda sekin-asta 20 000 so‘m, 30 000 so‘m, 50 000 so‘m va 80 000 so‘m tarzida Sirdaryo va Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolarning plastik kartochkasidagi pullarini o‘g‘irlay boshlaydi. Pirovardida «qahramonimiz»ning ishtahasi ochilgandan ochilib, firib to‘rini yanada kengroq yoyish va o‘marayotgan pullar salmog‘ini yanada oshirishga tushdi.

Ya’ni, 2018 yil 17 mart kuni Ra’no Xayitboyeva nomidagi uyali telefondan «Telegram» ijtimoiy tarmog‘i orqali «Sexy girls» nomli virus dasturini Yorqinoy Teshaboyevaning telefoniga qasddan yuborib, uning telefonini ishdan chiqaradi. So‘ng «CLICK» xizmati orqali 5 000 so‘m pul tushirishini aytib, Yo.Teshaboyevaning plastik kartasi maxsus himoya raqamini bilib oladi. Biroq 5000 so‘m o‘rniga Yorqinoyning 298 000 so‘m pulini yashirin ravishda yechib oladi. Shu tariqa Nargiza Xurramovaning 280 000 so‘m, Gulbahor Yaxshiboyevaning 400 000 so‘m, Odilbek Usanovning 290 000 so‘mini yashirin ravishda yechib oladi.

Buni qarangki, 2018 yil 4 aprel kuni poytaxtimizda yashovchi Nozimaxon Isayevaning +998 97 ...-...-14 raqami ham to‘satdan qulflanib qoladi. O‘sha paytda ayolning telefonidan kelini foydalanayotgan edi.

Kelin boyaqish telefon qulflangani bois qaynonasining oldida xijolat bo‘lib turgan paytda «Qo‘ng‘iroq qiling» degan «SMS» xabar keladi. Shunga ko‘ra, kelin bo‘lmish o‘sha raqamga sim qoqadi. Narigi tomondan esa, go‘shakni Jamshid ko‘taradi.

— Telefoningizni blokdan chiqarib beraman. Faqat hisobimda pul yo‘q. Plastik kartochkangizdan yigirma ming so‘m tushirib olsam, keyin chiqarib berardim, — deya avraydi u.

Kelinidan bu gapni eshitgan soddadil Nozimaxon bo‘lsa, tezroq muammoga nuqta qo‘yish maqsadida uning taklifiga rozi bo‘ladi. Ammo firibgar tap tortmay ayolning plastik kartochkasidan 752 450 so‘m pulni yechib oladi-yu, qaytib uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘yadi.

Shundan so‘ng J.Jumaqulov «qadami»ni yanada kattalashtirib, millionlarga qo‘l uradi: Sh.Omonov nomidagi raqam orqali O‘ktam Jumayevning plastik kartochkasidan 1 041 000 so‘mni yechib oladi. Qisqasi, u 67 nafar fuqaroning 5 536 043 so‘m mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Faqat 2018 yil 2 may kuni o‘zini IIB xodimlari qidirishayotganini bilib, jinoyat izlarini yashirishga kirishadi. Ya’ni, Guliston shahridagi bozorga borib, yuqoridagi mablag‘ni 5 foiz chegirma evaziga naqdlashtirib oladi. «Lenovo» rusumli uyali telefonini esa, Yangiyer shahar bozorida notanish shaxsga 350 000 so‘mga sotib yuboradi. Biroq ko‘p o‘tmay, qonun himoyachilari uni qo‘lga olishadi.

Tergov va sud jarayonida sudlanuvchi 17 nafar jabrlanuvchiga yetkazgan 3 310 551 so‘mlik zararni qopladi. Ayrim jabrlanuvchilar esa, 15 000 so‘m yoki 20 000 so‘mlik zararni arzimas deb bilganlari bois voz kechishdi. Shunga qaramay, aybdordan 50 nafar jabrlanuvchining foydasiga 2 225 492 so‘m zararni undirish belgilandi.

Umid qilamizki, J.Jumaqulovning ayanchli qismati kompyuter dasturlari va boshqa axborot texnologiyalari bilan ishlovchi hamyurtlarimizga saboq bo‘ladi. Zero, g‘ayriqonuniy qilmish hech qachon jazosiz qolmaydi.

Otabek Nabiyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tumani sudining raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring