Shukr qiling, nogiron emassizlar-ku!
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyo aholisining 1 milliarddan ortig‘ida, ya’ni yetti kishidan kamida bittasida muayyan bir turdagi jismoniy nuqson mavjud bo‘lib, ularning 100 milliondan ortig‘ini bolalar tashkil etadi.
Har yili 3 dekabr sanasiga alohida e’tibor qaratishdan maqsad barcha mamlakatlarda jismida nuqsoni bor insonlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlash, teng huquqlilikni qaror toptirish orqali barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir. Shu maqsadda 100-sonli tayan-harakati nuqtalarida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tashkil etilgan «Bolalar bizning xazinalarimizdir» nomli ma’rifiy-xayriya tadbiri ham azaldan muruvvatni, sahiylikni ulug‘laydigan, imkoniyati cheklangan bolajonlarga muruvvat ko‘rsatadigan xalqimizning insonparvar g‘oyalarini ochib berdi. Shuningdek, mazkur tadbirga Xotin-qizlar qo‘mitasining faollari taklif etilgan edi.
Maktabda shunday iste’dodli o‘quvchilar borki, hayratdan yoqa ushlaysiz.
Ushbu maktabning 6-sinf o‘quvchisi, «Central Asia's Got Talent» ko‘rsatuvida «Shukr qiling, nogiron emassizlar-ku!» she’ri bilan ommani hayratlantirgan qizaloq Iroda O‘rozovaning iste’dodiga bugun ko‘pchilik tan beradi. Tadbirdan so‘ng Irodaxonni suhbatga tortdik.
— Ayting-chi, ijod bilan shug‘ullanishingizga nima turtki bergan?
— Ijodgami? Sog‘inch sabab bo‘lgan. 1-sinfimdan beri ota-onamdan uzoqda yashayman. Ularni sog‘inib she’r yoza boshlaganman.
— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
— Kelajakda ota-onamni Haj safariga yubormoqchiman.
— Irodaxon, hayotingizda nimanidir o‘zgartirish imkoni berilganida nimani o‘zgartirar edingiz?
— Hech narsani (uzoq o‘ylanib). Insonlarning eng katta kamchiligi ham noshukrlik bo‘lsa kerak. Inson hayotidan nolib yashashi kerak emas. Men o‘qiyotgan maktabda 300 dan ortiq imkoniyati cheklangan bolalar bor. Ba’zilarining ahvoli mendan ham og‘ir. Inson shukr qilishi kerak.
Sanjar Shomurodov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter