Shavkat Mirziyoyev missiyasini yakunlayotgan AQSh elchisini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24-sentabr kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlenni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, AQSh elchisi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – AQSh aloqalarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shganini ta’kidladi.
Oliy darajadagi muloqotlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifining samarali natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davri uchun mustahkam zamin yaratgani qayd etildi.
Tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Parlamentlararo aloqalar faollashdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda. Fan, ta’lim va madaniyat sohalarida, shuningdek, hududlararo hamkorlik rivojlanmoqda.
AQSh elchisi davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani, uning mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun AQShning Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter