«Sharq» choyxonasiga kirmang, asabingiz buziladi
Xotira va qadrlash kuni arafasida farzandlarimni olib, Samarqandga bordik. 11-may kuni Toshkentga qaytishda Jizzax dovonida joylashgan tamaddixonalardan biriga kirmoqchi bo‘lganimizda, bir yigit qo‘yarda-qo‘ymay, haydovchiga ikkita «Koka-kola» bonus sifatida berilishini va’da qilib, «Sharq» choyxonasiga chorladi. Kirdik. Yarim kilogramm osh buyurtma berdik. Bu joylardagi «yarim kilogramm» oshning qancha miqdorda bo‘lishini mazkur tamaddixonalarga qo‘nganlar yaxshi bilishadi — katta tovoqda palov beriladi. Xullas, yarim kilogramm osh ham barakali bo‘larkan, haydovchining oilasi va mening farzandlarim birgalikda to‘liq oshay olmadik.
Hisob-kitob vaqtida kassir ayolga plastik kartochkamni uzatsam, terminal ishlamayotganini aytdi. Men ovqatlanish shoxobchalarida terminal doimiy tarzda ishlashi zarurligi haqida e’tiroz bildirdim. Shundan so‘ng u pul yechishga urina boshlarkan, «naqd pulingiz yo‘qmi?» deb so‘radi. Bor bo‘lsa-da yo‘q dedim. Ayol uch-to‘rt daqiqalar urinib ham pul yechmadi. Bu bilan go‘yoki «vaqtni cho‘zsam, naqd pul to‘lab ketadi» deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Kutib turaverdim. Bu orada kassirga tezlashtirishini aytdim. U yonidagi bir yigitga «Bozorni chaqir» dedi. Bozor ham hadeganda kelavermadi. Men kassirga ahyon-ahyonda qarab qo‘yganimda tezlashtirishga urinar, lekin natija yo‘q edi. Oxiri kassirga «Bozor akani chaqiring» dedim. Boyagi yigit tashqaridan Bozor akani chaqirdi. Qarasam, mendan yoshi kichik yigit ekan. Unga besh-olti daqiqadan beri terminali ishlamayotganini aytdim. U yonidan bir telefon apparati chiqarib, sim-kartasini oldi va terminalga o‘rnatdi. Bo‘lmadi. Boshqasini o‘rnatar ekan, «Naqd pulingiz yo‘qmidi?» dedi o‘smoqchilab. «Yo‘q, o‘zi nega buncha vaqtni cho‘zasizlar yoki Soliq qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qilayinmi?» deganimda, Bozor degan yigit «kaptarxonaga telefon qilmaysizmi?» dedi kesatib, «menga desa» jumlasini go‘yoki ichida aytib.
Asablarim toshdan emasdi, qo‘zg‘aldi uning qo‘rs javobidan. Biroq o‘zimni bosdim va «Shunaqami?» deb qo‘ydim ichimda.
Bu orada ovqatlanib bo‘lganimizga 15 daqiqalar bo‘lgan, tashqarida sheriklarim kutib turardi. Nihoyat, plastik kartochkamdan kerakli mablag‘ni yechib olishdi. Shu paytda haydovchimiz kelib, choyxonaga chorlagan yigit va’da qilgan ikkita «Koka-kola»ni so‘radi. Kassir ayol «ovqat pulini plastik kartochka orqali to‘ladingiz, shuning uchun sizlarga bitta «Kola» beriladi» dedi va yonidagi boshqa yigitga qarab «Bitta bervor» dedi xuddi «gadoyga bervor» degan ohangda. U yigit ham olg‘ir ekan, bitta «Pepsi» berdi, xolos. «Tashqaridagi yigit ikkita «Koka-kola» va’da bergandi haydovchiga» desam ham yana bitta qo‘shib bermadi. «Respublika bo‘yicha plastik kartochka va naqd pul to‘lovi bir xil bo‘lishi kerak» deganimda, kassir ayol «bizda bunday emas» deb javob berdi.
Ortiqcha tortishib o‘tirmay, tashqariga, meni yigirma-yigirma besh daqiqalardan beri kutayotgan sheriklarimning oldiga chiqdim.
Bu voqea ikki-uch kun davomida esimdan chiqmay yurdi. Bilmadim, dovonning ikki tomonidagi choyxona-oshxonalarga bir kunda nechta avtoulov to‘xtaydi-yu, qancha odam tamaddi qiladi? Bilmadim, «Sharq» choyxonasiga qancha odam kiradi-yu terminal bilan bog‘liq «o‘yin» bois asabi taranglashib chiqadi?
Nihoyat, bu mavzu yodimdan ko‘tarilayotgan edi. Biroq ramazon oyining ilk kunlaridan birida saharlik vaqtida qaysidir kanalda milliy serialimiz — «Lafz» qo‘yilayotganiga guvoh bo‘ldim. Aktyor Said Muxtorov o‘ynagan qahramon obrazi lafzsizligining kasri farzandiga urgani lavhalarini ko‘rdimu ishqilib «Sharq» choyxonasidagi insonlar lafzsizligining kasri begunoh bolalariga urmasin-da deb qo‘ydim.
Sherali Karvonli
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter