Shakar rastasida tartibsizlik yuzaga keldi
Andijon viloyati Shahrixon shahridagi do‘konlardan birida arzonlashtirilgan shakar mahsuloti uchun navbatga turganlar orasida tartibsizlik kelib chiqdi. Holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi izoh berdi.
2022 yilning 4 iyun kuni «Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi supermarketlardan birida shakarga navbat, ur-yiqit to‘polon» deb nomlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi va tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida holat tuman markaziy dehqon bozorining yonida joylashgan «Korzinka» savdo majmuasida yuzaga kelgani va haqiqatdan ham shakar xarid qilishda navbat yuzaga kelgani aniqlandi.
Shakarga bo‘lgan mavsumiy talabning ortishi va haftaning dam olish kunlarida aholining ko‘proq qismi bozor va savdo majmua hududiga tashrif buyurishi va shakarning arzon narxlarda sotilishi natijasida navbat ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
Bunda 2 kilogramm vaznda qadoqlangan shakar 21 980 so‘mdan, ya’ni 1 kilogramm uchun 10 990 so‘mdan sotuvga qo‘yilgan.
Talabning keskin oshishini inobatga olib, mutasaddi tashkilotlar – mahalliy hokimlik, prokuratura huzuridagi departament va monopoliyaga qarshi kurashish organlari tomonidan tezkor choralar ko‘rildi. Natijada savdo majmuasining qarama-qarshi tarafida, markaziy dehqon bozori hududida qo‘shimcha ravishda savdo rastasi tashkil etildi va qo‘shimcha shakar hajmlari 9800 so‘mdan savdolarga chiqarildi.
Mazkur savdo nuqtalarida aholi tomonidan shakar mahsulotiga talab yuqori bo‘lishi bilan birga savdo jarayoni tartibli ravishda navbat bilan o‘tmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter