Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi «bardak»: o‘z hududiga sig‘mayotgan mashina bozori qachon ko‘chiriladi? (foto)

Sergelidagi «bardak»: o‘z hududiga sig‘mayotgan mashina bozori qachon ko‘chiriladi? (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Har shanba va yakshanba kelishi bilan Sergeli mashina bozori yonidan o‘tuvchilarning ham, shu atrofda yashovchilarning ham yuragi bezillay boshlaydi. Bu yerda o‘sha kunlari «xaos» yuzaga keladi. Muammo bozorni ko‘chirmay turib, hal qilib bo‘lmaydigan darajaga yetgan.

Havoning issig‘iga qaramay, bozor «qaynaydi». Foto: «Xabar.uz»

Yangi uy-joylar qurilishi hisobiga aholisi zichlashib ketgan tuman hududida joylashgan yirik avtomobil bozori, afsuski, ortiqcha tirbandliklarga sabab bo‘lib, aholiga qator noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

Tirbandlik va tartibsizlik. Foto: «Xabar.uz»
Tirband va tartibsiz Yangi Sergeli ko‘chasi. Foto: «Xabar.uz»
Bozorga keluvchilar avtomobillarini yo‘l o‘rtasidagi daraxtlar orasiga, to‘xtab turuvchi yo‘l belgisi bo‘lishiga qaramay ko‘cha yuziga tashlab ketishadi. Foto: «Xabar.uz»

Yildan-yilga bozor atrofi jiddiy tartibsiz hududga aylanib bormoqda. Uning hozirgi talablarga javob bermasligi, hududi torlik qilayotganidan aholi jabrlanmoqda. Avvallari hududda bir nechta avtoturargohlar mavjud edi.

Bir vaqtlar avtoturargoh bo‘lgan joyda «dom»lar qurilmoqda. Endi bozorga keluvchilar muqobil variant — mahalla ko‘chalari. Foto: «Xabar.uz»

Bu yerlar «dom» qurishga berib yuborilganidan keyin bozor yaqinidagi mahallalar ko‘chalari, ayniqsa shanba-yakshanba kunlari bozorga keluvchi o‘n minglab mashinalar uchun tartibsiz avtoturargohga aylanadi.

Bozor qarshisida joylashgan Bobur mahallasi ko‘chasi bozorchilar uchun asosiy avtoturargohga aylangan. Ko‘chaning ikki tomonida ikki qatordan (!) mashinalar qo‘yib ketilgan.  Foto: «Xabar.uz»
O‘rtada qolgan bir iz yo‘lakdan ikki tomondan avtomobil kelib qolsa, o‘ta olmay tirbandlikda qolib ketadi. Foto: «Xabar.uz»
Hatto piyodalargayam yo‘l yopiq! Foto: «Xabar.uz»
Mahallaning boshqa bir toshloq ko‘chasida ham shu ahvol. Foto: «Xabar.uz»

Ko‘chalardagi «bardak» tufayli odamlar o‘z uylaridan chiqa olmay qoladi, uylarning darvozalari oldigacha mashinalar qo‘yib ketiladi. Bemorlarga chaqirilgan tez yordam mashinalari ham bu tartibsizlik tufayli manziliga tezkor yetib kela olmaydi.

Taqiqlovchi belgilarning ham foydasi yo‘q. Foto: «Xabar.uz»

Bir necha yildan buyon Toshkentdagi Sergeli mashina bozori ko‘chirilishi haqida gap so‘zlar yuradi.

Dastlab Sergelidagi avtomobil bozori Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga ko‘chirilishi rejalashtirilgani aytilgan edi. Biroq, Chinoz tumanida bozorga aylantirilishi kerak bo‘lgan hudud talabga javob bermaganligi bois, bozorni ko‘chirish qoldirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 10 iyul kuni Sergeli tumaniga tashrifi doirasida bozorni ko‘chirish masalasi birinchi marta muhokama qilingan edi.

Davlat rahbarining 2020 yil 29 may kuni Sergeli va Zangiota tumanlariga bo‘lgan tashrifi davomida bu masala yana ko‘tariladi va mas’ullarga topshiriqlar beriladi.

Vaziyat YPX xodimlarining nazoratidan chiqib ketgan. Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan yillar davomida muammo jiddiylashsa-jiddiylashdiki, bartaraf bo‘lgani yo‘q.

YPX mashinasi va to‘xtab turishni taqiqlovchi belgi bo‘lsa-da, Yangi Sergeli ko‘chasi yuzida avtomobillar savdosi avj olmoqda. Foto: «Xabar.uz»
Bozorga sig‘magan mashinalar yo‘l yuzini egallagan. Foto: «Xabar.uz»

Holat shu darajaga yetdiki, bozor o‘z hududidan tashqariga chiqib, xaridor va sotuvchilar yo‘l bo‘yida, mahallalar ichida savdo qilishmoqda. Namangandan avtoulovini sotishga kelganini aytgan sotuvchilardan biri bozorda joy qolmagani uchun ko‘cha yuzida savdo qilishdan boshqa chorasi yo‘qligini bildirdi.

Shundoqqina mahallaning ichida, ko‘cha yuzasida bamfer almashtirilmoqda. Foto: «Xabar.uz»
Bamfer almashtirilgach, eskisi o‘sha yerning o‘ziga tashlab ketildi. Foto: «Xabar.uz»

Hududda baqir-chaqir, tortishuvlar avj olmoqda. Ayrimlar avtomobillari oynasini yoki boshqa qismlarini almashtirib, chiqindi va axlatlarini shundoq odamlarning eshiklari taglariga, yo‘l yuzlariga tashlab ketishmoqda.

Yakshanba kuni bozor qarshisidagi "zapravka" ishlamaydi. Foto: «Xabar.uz»
«Zapravka» hududi to‘liq pulli «stoyanka»ga aylanadi. Puli kimning cho‘ntagiga ketadi - noma’lum. Foto: «Xabar.uz»

Masala bo‘yicha Sergeli tumani, Qut-baraka MFY aholisi Toshkent shahar hokimiga murojaat qilgan. Ammo murojaat jiddiy o‘rganilishiga ularda ishonchi yo‘q, holat qanday bo‘lsa, shundayligicha qolib ketishidan xavotirda.

Tratuarning ahvoli. Piyodalar yo‘lning qatnov qismidan yurishga majbur. Foto: «Xabar.uz»

Bozorga poytaxtdan tashqari, viloyatlardan ham yuzlab, balki minglab avtomobillarning kirib kelishi hisobga olinsa, bu yer endi torlik qiladi. Ehtiyot qismlari bozori o‘z o‘rnida qolsa ham, mashina bozorini ko‘chirmasdan turib holatni o‘nglash imkonsiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring