Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Serena Uilyams deyarli bir yil tennis o‘ynamadi. Bu vaqt oralig‘ida nimalar yuz berdi?

Serena Uilyams deyarli bir yil tennis o‘ynamadi. Bu vaqt oralig‘ida nimalar yuz berdi?

Serena Uilyams

Foto: «Eurosport»

Bugun Abu-Dabida Serena Uilyams Alena Ostapenkoga qarshi kortga chiqadi. Bu 11 oy davomida kortdan tashqarida bo‘lgan amerikalik tennischi uchun «Australian Open-2017»dan keyingi birinchi uchrashuv hisoblanadi. Aytish mumkinki, bu vaqt oralig‘ida uning hayotida ham, tennis olamida ham muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.

Melburndagi g‘alabadan so‘ng ko‘p o‘tmay Serena internet-biznesmen Aleksis Oganyandan homilador ekanligini ma’lum qildi. Sentyabrda qiz farzandli bo‘lgan juftlik, noyabrga kelib to‘y ham qilishga ulgurishdi.

Serena Uilyamsning tadbirkorlik faoliyati ham kundan-kunga kengayib bormoqda. U aktrisa Gvinet Peltrou bilan birgalikda muzlatilgan, ammo foydali yeguliklar ishlab chiqaruvchi «Daily Harvest» startapiga pul tikishgan. 43 million dollarlik investitsiyaning qancha qismi Serenaning ulushi ekanligi esa, oshkor qilinmagan. Umuman olganda, Serenaning ishlari chakki emas, oshig‘i olchi desak ham to‘g‘riroq bo‘lar. U «Fortune» jurnali tomonidan eng nufuzli tadbirkorlar safiga kiritilgan yagona sportchi bo‘ldi. Opasi Vinus bilan birgalikda «Nielsen» talqiniga ko‘ra 2017 yilda tijoratda eng talabgir sportchilar reytingini boshqarib turibdi. Sportchi «Forbes» hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yilda reklamaning o‘zidan 19 million dollar ishlab topgan.

«Nike» kompaniyasi tomonidan Oregondagi yangi shtab-kvartiraning binolaridan biri Serenaning nomiga qo‘yilishi esa katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. 90 000 kvadrat metrlik Uilyams nomidagi korpus 2019 yilgacha qurib bitkaziladi.

Serena yil davomida atigi bir oy tennis o‘ynagan bo‘lsa-da, «AP» talqiniga ko‘ra Amerikaning 2017 yildagi eng yaxshi sportchi qizlari orasida ikkinchi bo‘ldi.

Joriy yil ayollar tennis turnirlari juda qizg‘in kechdi. Serenaning «o‘yindan chiqishi» boshqa sportchilarga katta imkoniyat taqdim etdi. Eng qizig‘i, joriy yilgi «katta dubulg‘a» turnirlarining to‘rttadan ikkitasida shu paytgacha hatto finalga ham yetib kelmagan tennischilar g‘olib chiqishdi. Alena Ostapenko «Rolan Garros»da, Sloun Stivens esa «US Open»da barcha raqiblardan ustun keldi. Ostapenkoning Parijdagi g‘alabasi uning uchun faoliyatidagi birinchisi ekanligi bilan ham esda qoladigan bo‘ldi.

Serena Avstraliyada g‘alaba qozonib, WTA reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilgach, birorta uchrashuv o‘tkazgani yo‘q. Natijada yil davomida naqd beshta sportchi «dunyoning birinchi raketkasi» nomini tatib ko‘rishdi. Serenadan tashqari Anjelik Kerber, Karolina Plishkova, Garbine Mugurusa va Simona Xaleplar navbati bilan reytingda birinchi o‘ringa chiqishdi.

Plishkova va Xalep faoliyati davomida «katta dubulg‘a» turnirida g‘alaba qozonmay reytingni eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilishdi. Ruminiyalik tennischining birgina Madrid turniridagi g‘alabasi 2017 yilni birinchi raqam ostida tugatishiga zamin yaratdi.

2018 yilgi WTA turnirlarida nihoyat bir vaqtning o‘zida ikki yulduz – Serena Uilyams va Mariya Sharapovalar o‘ynashi mumkin. 15 oyni diskvalifikatsiyada o‘tkazgan Sharapova yil oxirida AQSh ochiq chempionatining chorak finaliga chiqdi va Tyanszindagi turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Serena va Sharapovaning kortda uchrashishi mavsumning asosiy voqealaridan biri bo‘lishi shubhasiz. Mariyada ketma-ket 18 o‘yindagi mag‘lubiyat uchun «o‘ch olish» imkoniyati yuzaga kelsa, amerikalik tennischi o‘z va’dasiga ko‘ra, hech qachon Mashaga yutqazmaslikka harakat qiladi.

Foto: «Sports.ru»
Foto: «Sports.ru»
Foto: «Sports.ru»
Foto: «Sports.ru»
Foto: «Sports.ru»
Foto: «Sports.ru»

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring