Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘arbiy Afrikaning eng tinch mamlakatida tartibsizliklar avj oldi

G‘arbiy Afrikaning eng tinch mamlakatida tartibsizliklar avj oldi

Senegalda politsiya va prezidentlik saylovlarining kechiktirilishiga qarshi namoyishchilar o‘rtasida ommaviy to‘qnashuvlar boshlandi. Kamida bir kishi halok bo‘ldi.

The Guardian  gazetasining xabar berishicha, Senegalda prezidentlik saylovlarining kechiktirilishiga qarshi ommaviy namoyishlar tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Senegal uzoq vaqtdan beri G‘arbiy Afrikadagi harbiy to‘ntarishlar yoki yirik fuqarolik tartibsizliklari bo‘lmagan mamlakatlardan biri edi.

Tartibsizliklar mamlakat poytaxti Dakar va boshqa shaharlarni qamrab oldi. Dakarda politsiya olomonni nazorat qilish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, rezina o‘qlar va shovqinli granatalardan foydalanishga majbur bo‘ldi. Mamlakat shimolidagi Sen-Lui shahrida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya bilan to‘qnashuvda bir talaba halok bo‘lgan. Dakar ko‘chalari yonayotgan shinalar tutuni bilan qoplangan, namoyishchilar yo‘llarni to‘smoqda. Ommaviy mitinglar mamlakatning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Mahalliy me’yorlarga ko‘ra, G‘arbiy Afrikaning eng tinch mamlakatlaridan biri bo‘lgan Senegaldagi norozilik namoyishlari amaldagi prezident Makki Sall 25 fevralga belgilangan prezidentlik saylovlari noma’lum muddatga qoldirilganini e’lon qilganidan keyin avj oldi.

Muxolifatdagi siyosatchilar bu qarorni davlat to‘ntarishi va hokimiyatni noqonuniy egallab olish deb atadi. Dakar ko‘chalarida senegallik namoyishchilar «Makki Sall — diktator» deya hayqirmoqda.

Prezidentning o‘zi saylovni nomzodlar ro‘yxati bilan bog‘liq muammolar tufayli qoldirganini, bu esa «saylov jarayonining yaxlitligini shubha ostiga qo‘yishini» aytdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring