Tramp Suriya uchun amal qiladigan sanksiyalarni bekor qilmoqchi

Prezident Tramp Saudiya Arabistonida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad al-Shar’a bilan uchrashdi.
Associated Press agentligining yozishicha, bu AQSh va Suriya yetakchilarining so‘nggi 25 yildagi ilk uchrashuvidir.
Tramp Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan ko‘ndirilgach, al-Shar’a bilan uchrashishga qaror qilgan. Kecha Tramp Suriyaga «imkoniyat berish uchun» sanksiyalarni bekor qilishni rejalashtirayotganini e’lon qilgandi.
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on Tramp va al-Shar’a muzokaralarida telefon orqali qatnashgan.
Tramp, shuningdek, Suriya yetakchisini Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash, chet ellik terrorchilarni mamlakatdan chiqarib yuborish, AQSh bilan birgalikda IShIDning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik va boshqa vazifalarni o‘z zimmasiga olishga chaqirgan.
Ash-Shar’a AQSh, Saudiya va Turkiya rahbarlariga minnatdorlik bildirib, mamlakat dunyo uchun ochilishini, Eron ta’sirini kamaytirishini qayd etgan hamda ularni Suriya neft va gaz sohasiga investitsiya kiritishga chorlagan.
Ma’lumot uchun, 2024-yil dekabrida Suriyada Bashar Asad rejimi qulab, «Hayat Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi muxolifat hokimiyatga kelgandi. Shu tariqa oldin Abu Muhammad al-Juloniy nomi bilan tanilgan guruh rahbari Ahmad al-Shar’a Suriyaning muvaqqat prezidenti bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter