Sardor Umurzoqov «Tolibon» delegatsiyasi bilan uchrashdi
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 4 iyul kuni Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi o‘zbek-afg‘on hamkorligi kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yuqoridagi yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga oid navbatdagi tadbirlar kelishib olindi.
«Ikki tomonlama savdo aylanmasini ko‘paytirish va ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha birgalikda takliflarni tayyorlashga kelishildi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklik salohiyatini o‘rganish maqsadida o‘zbek va afg‘on ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha birgalikda ish olib borishning istiqbollari qayd etildi», — deyiladi xabarda.
Muloqot doirasida uchrashuv ishtirokchilari Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini ham ko‘rib chiqqan. Iyul oyining ikkinchi yarmida temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab dala tadqiqotlari tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.
O‘zbekiston tomoni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish va Afg‘oniston bilan ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbek-afg‘on munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish va hal etish bo‘yicha doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan.
Avvalroq «Tolibon» delegatsiyasi O‘zbekistonga kelayotgani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter