Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand viloyati hokimi: «Diananing farzandini otaliqqa olganman»

Samarqand viloyati hokimi: «Diananing farzandini otaliqqa olganman»

Yo‘l qo‘yilgan xatoni qayta-qayta muhokama qilib, choralar ko‘rdik, ammo ko‘rgan choralarimiz dunyodan o‘tgan odamni qaytarib bermaydi...

Foto: «Darakchi.uz»

Vazirlar Mahkamasida bo‘layotgan ishchi-xizmatchilar, ayniqsa, ta’lim va tibbiyot xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilishi masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi Turob Jo‘rayevga so‘z berildi. Xabaringiz bor, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchilar ko‘cha tozalash ishlariga olib chiqilgan va yosh o‘qituvchi ayol shu ish jarayonida fojiali halok bo‘lgan edi.

Turob Jo‘rayev mana bunday dedi:

− Assalomu alaykum, hurmatli Abdulla Nig‘matovich. To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatga jalb qilish borasida viloyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqidagi so‘zlar haqiqatan ham o‘rinli. Biz prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishni diqqat bilan kuzatdik. Prezident odamlarni, ayniqsa, ijtimoiy soha vakillarini, talabalarni obodonlashtirish ishlariga olib chiqishni qattiq qoraladi.

Albatta, bu men tomonimdan yo‘l qo‘yilgan kamchilik. Nazorat qilolmadim. Biz yig‘ilishlarda ijtimoiy soha vakillarini majburiy ishlarga jalb qilmaslik to‘g‘risida bir necha marta aytganmiz. O‘zi, aslida, o‘tgan yildan beri ijtimoiy soha vakillarining birortasi na dala ishlariga, na paxta yig‘im-terimiga jalb qilinayapti.

Lekin, shunga qaramasdan, Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan hodisa viloyatdagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarni qattiq qayg‘uga soldi. O‘sha kunning o‘zida bu hodisani o‘rganganimizda aniqlanishicha, 13-mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida barcha idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib, hamma tashkilotlar xodimlari Navro‘zoldi umumxalq hashariga jalb qilingan.

Shundan keyin Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri barcha maktablarning direktorlarini yig‘ib, ularni ko‘cha tozalash ishlariga safarbar qilgan. Diana Yenikeyeva ishlaydigan maktab o‘qituvchilari o‘zlari ishlaydigan maktabdan uzoqdagi M-37 yo‘liga olib chiqilgan va o‘sha yerda Diana Aleksandrovna Yenikevani «KamAZ» mashinasi urib ketib, u shifoxonada olamdan o‘tgan.

Bo‘lib o‘tgan voqeani, yo‘l qo‘yilgan xatoni qayta-qayta muhokama qilib, choralar ko‘rdik, ammo ko‘rgan choralarimiz dunyodan o‘tgan odamni qaytarib bermaydi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunganmiz. Undan keyin bir necha marotaba tushuntirishlar berdik.

Shaxsan men o‘zim Diana Yenikeyevaning oilasini, uning farzandini otaliqqa olganman. Ular doimiy ravishda e’tiborda bo‘lishini o‘zim zimmamga olaman.

Jazo chorasi sifatida xalq ta’limi vaziri bilan kelishgan holda Kattaqo‘rg‘on tumani XTB mudiri Jumanazarov Alisher Saidahmedovichni egallab turgan lavozimidan ozod etganmiz. Shu bilan birgalikda 42-maktab direktori Boltayeva Nargiza Ahmedovnani ham o‘sha kunning o‘zida egallab turgan lavozimidan ozod etganmiz.

Abdulla Nig‘matovich! Men juda yaxshi tushunaman, biz Xalqaro mehnat tashkilotining o‘n ikkidan ortiq konvensiyasiga qo‘l qo‘yganmiz, ularda majburiy mehnatni taqiqlovchi bandlar ham bor. Bolalar mehnatini taqiqlovchi bandlar ham bor. Mana shu bandlarni to‘liq bajarish bizning nafaqat burchimiz, qolaversa, davlatimizning obro‘yini saqlash, obro‘yini ko‘tarishga qo‘shgan hissamiz ham bo‘ladi.

Men o‘sha kunlariyoq ijtimoiy tarmoqlarda o‘z munosabatimni bildirib, ijtimoiy soha vakillari bundan keyin ham biror dala yumushlariga, paxta terimiga ham, obodonlashtirish ishlariga ham chiqarilmaydi, viloyat hokimi sifatida men kafolat beraman, deb bayonot berganman.

Abdulla Nig‘matovich, sizga va’da beraman, bundan keyin ham buni o‘zim qattiq nazorat qilaman. Agar shuni qilmasak, biz nafaqat prezidentga, xalqimizga ham, siyosatimizga ham xiyonat qilgan bo‘lamiz. Qo‘l ostimdagi barcha idoralar rahbarlaridan ijtimoiy soha vakillarini bunday ishlarga jalb qilmasliklari to‘g‘risidagi tilxatlarini olib qo‘ydim.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun prezident barcha sharoitlarni yaratib bergan. Bundan tashqari, viloyatlar va tumanlarda budjetdan orttirib topgan daromadlari yetarliligi bois ijtimoiy soha vakillarini obodonlashtirish ishlariga jalb qilishning hojati ham yo‘q. Obodonlashtirish tashkilotlarining xodimlari ham, texnikalari ham yetarli. Men rahbarlik qilayotgan viloyatdagi obodonlashtirish boshqarmasining to‘rt ming nafarga yaqin xodimi bor. Obodonlashtirish ishlari ana shularning ishi. 156 ta maxsus texnikamiz bor. Birinchi chorakning o‘zida 71 milliard so‘m qo‘shimcha daromad topdik. Ana shu mablag‘lar hisobidan ishsiz yurgan fuqarolarni ishga jalb qilish yo‘li bilan ham obodonlashtirish ishlarini amalga oshiramiz.

Men avvalambor mana shu hodisa aynan Samarqandda yuz berganligi uchun prezidentdan, sizdan kechirim so‘rayman!

Mana, katta yig‘ilishda so‘z berib aytaman: bundan keyin Samarqand viloyatida birorta ijtimoiy soha vakili majburiy mehnatga jalb etilmaydi!..

Albatta, Samarqand viloyati hokimi ijtimoiy tarmoqlar orqali bergan bayonotida «Diana Yenikeyeva ham, boshqa o‘qituvchilar ham ko‘cha tozalash ishlariga chiqarilmagan» deganini eslab o‘tishni joiz deb hisoblamadi. Ammo bundan keyin ijtimoiy soha vakillari obodonlashtirish va dala ishlariga jalb qilinmasligiga kafolat berganini esladi. Bu so‘zlarini nutqi oxirida tantanali va’da sifatida takrorladi.

Vaqt oliy hakam deydilar. Vaqt o‘tsin-chi, bu va’dalar bajarilishi yo bajarilmasligini, omon bo‘lsak, ko‘raveramiz.

Eslatib o‘tamiz, budjet xodimlari va talabalar majburiy mehnatiga chek qo‘yish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevdan chiqqan bo‘lib, yig‘ilishda shu paytgacha davlat rahbarini aldab kelishga urinilgani, obodonlashtirishga kerakli miqdorda pul ajratilgani, ammo bu mablag‘lardan unumli foydalanilmagani alohida ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring