Samarqand shahrida anomal sovuqda ham o‘qish davom etayotgani rostmi?
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining telegram kanalida «Samarqand viloyatida ta’til uzaytiriladimi?» sarlavhali xabar berildi.
Unda yozilishicha:
«Samarqand viloyatidagi 588 ta umumta’lim maktablarida darslar joriy yilning 11 yanvar sanasidan an’anaviy shaklda davom etmoqda.
Viloyatdagi 674 ta maktabda darslar 18 yanvar sanasidan boshlanadi. Anomal sovuq sabab qoldirilgan dars soatlari yil davomida tig‘izlashtirilib o‘tiladi».
Buxoro, Andijon, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo va boshqa qator viloyatlarda ta’til muddati yana bir hafta ortga surilayotgan vaqtda Samarqand shahridagi maktablarda go‘yo o‘qishlar davom etayapti. Savol paydo bo‘ladi: Samaqrandda 600 ga yaqin maktabda issiqlik bilan ta’minlash joyidami? Yoki bu qadimiy makonning iqlimi qo‘shni viloyatlardan farq qiladimi? Unda nega, internetda ob-havo ma’lumotlarida -20 gacha bo‘lgan raqamlar ko‘rsatildi?
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi maktablarda 3-chorak o‘qishlari 5 yanvardayoq boshlangan. 6 yanvarda ham bolalar maktabga kelishi talab qilingan (bu sentyabr boshida Samarqandda o‘tgan Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammiti vaqtida qoldirilgan darslar o‘rnini qoplash maqsadidagi amal). Shundan keyin 7 yanvardan boshlab anomal sovuq borasidagi respublika bo‘yicha tarqalgan talablar qatorida bu maktablarda ham o‘qish to‘xtatilgan. Ammo, tez aytishu, maqol-matallarga sabab bo‘lgan o‘qishning boshlanishi-boshlanmasligi atrofidagi bahs-munozaralardan so‘ng ham Samarqand shahar maktablarida 11 yanvar kuni o‘qish deb e’lon qilindi (zero, tanlov mahalliy hokimliklarga qoldirildi).
Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda 51-umumta’lim maktabining 9-«V» sinf o‘quvchisining «Odamlar, qayerdasiz?» degan videolavhasi tarqaldi. U maktabda sinfdoshlari yo‘qligini aytgan. Kechga yaqin esa, yuqorida tilga olingan rasmiy kanalda shu bolaning sinfdoshlari boshqa o‘quv binosida darsda bo‘lganiyu, u bundan bexabar qolganini aytgan ikkinchi videolavhasi e’lon qilingan. Video ostidagi matnda 51-umumta’lim maktabining 9 -«V» sinfida jami 28 nafar o‘quvchi ta’lim olishi va shu kuni ularning 13 nafari darslarda ishtirok etgani yozilgan. Ilk videolavhadan so‘ng uning sinfdoshlari chaqirtirib olingan degan iddaolar asosli bo‘lmaganda ham, sinfda ellik foizdan ortiq o‘quvchining bo‘lmaganining o‘zi anomal sovuqdagi ta’lim darajasini ko‘rsatadi.
Lekin, Samarqand shahridagi maktablarda dars beradigan o‘qituvchilarning aytishicha, 11 yanvar kunida har bir sinfda ko‘pi bilan 2 yoki 3 nafardan bola kelgan. Ularning ota- onalari sinfxonalarga kirib, ahvolni ko‘rgach, bolalarini olib ketgan hollar aytiladi. Qator ota-onalar farzandlarini 5 yanvarda ham, 11 yanvarda ham maktabga jo‘natishmaganini bildirishdi.
O‘qituvchilar esa shu kunlari uchun maosh yozilmay qolmasligi uchun maktabga borib, 2-3 soat o‘qituvchilar xonasida yozuv-chizuv ishlari bilan band bo‘lmoqda. Maktablarda jarayon «an’anaviy shaklda davom etmoqda» degan kunlarda biror bir o‘quvchi maktabga kelmaganini kuzatuv kameralari ham tasdiqlaydi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi rasmiy kanalining so‘nggi havolasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’limni vaqtincha onlayn tizimga o‘tkazish masalani ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabar bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter