Salim Abduvaliyev: «Umrimda birovning haqini yemaganman» (video)
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev o‘zining 70 yosh yubileyi arafasida intervyu berdi. Unda Salim Kirgizbayevich yoshlik davri, sportga kirib kelishi, o‘zi haqida tarqalgan gap-so‘zlar va boshqalar haqida gapirib bergan.
«Men 1950-yilda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Shunday ekan, Farg‘onada dunyoga kelganim, Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonda tug‘ilganim haqidagi ma’lumotlar to‘g‘ri emas. Otam 1945 yilda Farg‘onadan Toshkentga kelgan. Yetti yoshimdan maktabdan ta’til berilgan vaqtlarda kolxozda ishlaganman. 12 yoshimda paxta dalasida kurash tushib hammani yengar edim. Shunda mening ustozim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Abdunazirovich Nazirov akamlarning oldiga kelib, «uni kurashga berish kerak» deb aytadi. Shu tarzda ham kolxozda ishladim, ham sport bilan shug‘ullandim. Kurash borlig‘imga aylandi. 15-16 yoshimdan Sobiq ittifoq bo‘ylab musobaqalarda qatnasha boshladim», – deydi u.
Salim Abduvaliyev yoshligida juda qiyin turmush tarzini kechirganini alohida ta’kidlaydi: «Yetti yoshimdan ishlaganman, yeyishga hech vaqo yo‘q edi...».
16 yoshidan boshlab 5 yil ketma-ket chempion bo‘lganini qayd etarkan, O‘zbekistonda kurash turi qanday rivojlanganini so‘zlab beradi.
Salim Abduvaliyev o‘zi haqida xalq orasida yuradigan mish-mishlarga ham izoh bergan.
«Men haqimda turli gap-so‘zlar yuradi... Umrimda birovning haqini yemaganman. To‘g‘ri yashaganman va shu hayotimdan faxrlanaman. Men bu dunyoda hech kimni xafa qilgan emasman...» – deydi u.
«70 yosh... Bilasizmi, men uchun hayot endi boshlanyapti. Hali rejalarimiz ko‘p. Oldinda bizni Olimpiada kutmoqda. Olimp cho‘qqilarini zabt etishda davom etamiz. Erkin kurash, umuman sport mening hayotim», – ta’kidlaydi Salim Kirgizbayevich.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter