Sahnadagi unutilmas sevgi izhori yoxud Fathulla Ma’sudovning rafiqasi bilan suhbat
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi, kino, teatr va dublyaj ustasi, xalqimiz sevgan aktyor Fathulla Ma’sudovning sevimli rafiqasi, Toshkent shahridagi 509-sonli MTMning tajribali tarbiyachisi Gulira’no Ma’sudova bilan suhbatimiz uning aktyor bilan o‘tgan 32 yillik sermazmun, serfayz hayoti, ibratli umr yo‘li haqida bo‘ldi.
– Gulira’no opa, yoshi ulug‘lar yangi turmush qurayotgan yoshlarni «Yulduzi yulduziga yarashsin», deya duo qilishadi. Bu ibora sizlarning hayotingizga nechog‘lik daxldor?
– Buvijonim rahmatli hamisha uyga sovchilar kelsa, avvalo, «Yulduzi yulduziga tushsin» deb duo qilardilar. Men bu borada omadliman. Yaratganga ming shukrki, buvijonimning va qo‘l ochib, yulduzimiz yulduzimizga tushishini so‘raganlarning duolari ijobat bo‘lgan. Garchand ba’zilarga o‘xshab bir-birimizni sevib-sevilib emas, balki kattalarning aqlu zakovati va tanlovini hurmat qilgan holda umr yo‘llarimizni birga davom ettirgan bo‘lsak ham, bir-birimizga mehrimiz tushgan.
– Yurtdoshlarimiz sevib tomosha qiladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, har bir epizodi yod bo‘lib ketgan «O‘tgan kunlar» kinosida Zaynab, «Bahor qaytmaydi» videofilmida Muqaddam va Alimardon To‘rayevlarning obrazini qoyilmaqom qilib, maromiga yetkazib o‘ynagan aktyorlar Gulchehra Sa’dullayeva va Lutfulla Sa’dullayevlarning farzandisiz, mashhur oilada kamol topgansiz. Nima deb o‘ylaysiz, Ma’sudovlar oilasi sizni kelinlikka tanlashganida shu tomonlariga e’tibor qaratishganmi?
– Yo‘-o‘-o‘q, buning o‘zi bir hikoya. Men Toshkent davlat pedagogika institutining pedagogika va psixologiya fakultetining maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. U paytlarda mandat o‘tgach, sabzavot terishga olib ketishardi. 17 yoshman o‘shanda. Osmon tund, yomg‘ir tomchilayapti, boshimga tog‘ora kiyib olganman, qizlar bilan qiqirlashib ketyapmiz. Orqamda otam yig‘ma karavot bilan chemodanimni ko‘tarib kelyapti. Xuddi shu holatimiz Fathulla Ma’sudovning meni ko‘rishiga to‘g‘ri kelgan ekan. Institutimizdagi bir tanishi meni, ya’ni endigina talaba bo‘lgan qizni tavsiya qilgan ekan. U meni ko‘rib, otasiga «Bu qizning orqasidan anovi aktyor kelyaptiyu, men aktyorning qiziga uylanmayman», degan. «Men ertaga bularning orqasidan obro‘ orttirganday bo‘lib qolaman-ku», deb, menga uylanishni rad etgan ekan. Qaynotam «Sen avval ko‘rgin, aktyorning qizi bo‘lsa nimasi yomon, aksincha, seni tushunadi», debdilar. Keyin yana keldilar, harbiy xizmatdan qaytgan, chiroyli, madaniyatli yigit, men yoqtirib qolgan bo‘lsam ham «O‘g‘il bolalar bilan gaplashmayman», dedim. Indamay ketdi. Paxta yig‘im-terimiga ketayotganimizda ham keldi. Uyalib yana gaplashmadim. Katta zalda o‘tiladigan darslarimizni deraza ortidan kuzatardi. Tanaffusda ham: «Ustozlarim ko‘rib qolsa, nima deb o‘ylaydi», deb gaplashmasdim. Meni uyalmasin deb gullarni afisha qog‘oziga o‘rab opkelardi. Oxiri onasiga shikoyat qilibdilar: «Bu qiz men bilan gaplashmayapti. To‘ydan keyin nima qilaman? Meni yoqtirmayapti, shekilli», desa, onasi: «Qo‘yaver, to‘ydan keyin gapirib ketadi», degan ekanlar. Yuborgan sovchilariga ota-onam «Hali qizimiz 17 yosh, 2 yilgacha uzatmaymiz, o‘g‘lingizni uylantiravering» deyishsa, «kutamiz» deyishgan va so‘zlarining ustidan chiqishdi.
Otam Yodgor (Sa’diyev) amakim bilan ishlashini bilib, undan surishtirsa, «Tarbiyali, odobli yigit, hamisha qo‘li ko‘ksida, Gulira’noni shu yigitga bering», degan ekanlar. Xullas, 2 yildan so‘ng ZAGSga ariza topshirishga bordik va ikkalamiz ilk bor kinoga tushdik. Qanday kino, deng? Stalinning repressiyasi haqida! Kino tugagunicha zerikib, bo‘larim bo‘lgan. O‘shanda ilk bor gaplashganmiz. Keyingi uchrashuvimiz to‘yimizda bo‘lgan.
– Ota-onangiz san’atkor bo‘lganlari uchun ko‘proq ijodiy safarlarda yurishgani tabiiy hol. Bu sizni oilaga, hayotga tayyorlashda qanday ta’sir ko‘rsatgan? Yangi oilada o‘z o‘rningizni topishda qiynalmadingizmi?
– To‘g‘ri, ota-onam ko‘pincha ishda yoki safarlarda bo‘lishardi. Ammo biz hech qachon yolg‘iz qolmaganmiz. Hamisha ukam Sarvar ikkalamiz onamning onasi – buvijonimning nazorati ostida edik. Buvijonim ozoda, orasta, kitobsevar bo‘lish bilan birga, biz, nevaralarining tarbiyasiga katta mas’uliyat bilan qaraydigan, qattiqqo‘l, talabchan ayol edilar. Mening kitobga muhabbatim ular tufayli bo‘lsa kerak. Buning ustiga qiz bola bilishi kerak bo‘lgan har bir yumushni erinmasdan o‘rgatardi.
Ma’sudovlar oilasidagi 4 nafar o‘g‘ilning kattasiga kelin bo‘lib tushganimda 19 yoshda, buning ustiga talaba edim. Qaynotam Husanboy aka Toshkent davlat pedagogika institutining geografiya fakultetida ishlar, juda madaniyatli, mehribon, bama’ni inson edi. Oyijonim 1-markaziy dorixonada dorishunos bo‘lib ishlardilar. Ishonasizmi, xo‘jayinim to‘qqiz kunlik kelinchakni tashlab, 38 kunlik safarga ketganlar. Kulgili bo‘lsa ham aytay: u kishi kelganlarida meni tanimay qolishlariga oz qolgan: adajonim bilan oyijonim meni yer-ko‘kka ishonmay, yedirib-ichiraverganlari uchun rosa semirib ketganman...
To‘g‘risini aytish kerak, men ovqat pishirishni yaxshi bilmasdim. Birinchi marta ovqat qilganimda sho‘r qilib qo‘ysam, shirin bo‘pti, deb maqtab-maqtab yeyishgan. Sho‘r qilganimni esa oyijonim meni mohir oshpaz qilganlaridan so‘ng aytib berishgan.
– Ota-onasi, yaqinlarining mehr-oqibati turmush o‘rtog‘ingizga ham o‘tgan bo‘lsa kerak?
– Oilamning begi nafaqat bizga, barchaga mehrli, qalbi daryo, mehri ummon, oilaparvar inson edilar. U kishida buyuklar darajasida go‘zal xislatlar, fazilatlar mujassam ekanligini endi yanada chuqurroq his qilyapman. Juda oilaparvar, samimiy do‘st, farzandlariga maslahatgo‘y, mehribon ota edilar. Hech qachon bizlarsiz dam olishga chiqmasdilar. Biron joyga aylanishga chiqmoqchi bo‘lsak, albatta, qaynonamni ham birga olib ketar edik.
Xo‘jayinim ukalarini, jigarlarini juda qadrlar, yaxshi-yomon kunlarida hamisha yonlarida bo‘lib, quvonchu tashvishlariga yelka tutardilar. Ular birga o‘tirishsa, beg‘ubor, samimiy, inoqliklarini ko‘rib yayrardim, havasim kelardi.
Ularning ishdan kelishi hammamiz uchun bayram bo‘lib ketardi. Hattoki, uyimiz qo‘ng‘irog‘i chalinsa, o‘g‘lim bilan talashib eshikni ochishga shoshardik. O‘g‘lim yosh, chaqqon bo‘lgani uchun mendan oldin yetib borib, eshik ochsa ranjirdim. «Bu mening vazifam, ostonadan hatlab kirganlarida xojamning ko‘zlari menga tushishi kerak», deb o‘ylardim.
Juda silai rahmli inson edilar. Uyimizga har kuni sutchi opa sut olib kelardi, ammo oilamizdagilar do‘konning sutidan ichar, opa olib kelgan sutdan hech kim ichmasdi. Fathulla akam esa opani chaqirib, sut olardi va ustiga qo‘shimcha pul ham berib yuborardi. «Kim ichadi buni?» desam, «Men ichaman, menga pishirib beringlar», derdilar. Ular olamdan o‘tganlaridan keyin kelinimga «Do‘kondan sut olmang, endi biz ham adangiz ichadigan sutdan ichamiz», dedim...
Odamlarni mansabi, kiyim-boshi yoki boy-kambag‘aliga qarab ajratmas, yordam so‘rab kelgan odam kim bo‘lishidan qat’i nazar, hojatini chiqarar edilar, zarur odamga uy olishga yordam berganlari, nogiron bolali ayolga har oy maoshlaridan pul o‘tkazib turishlari, bir nochor odamning tomini yopib berganlarini... vafotidan keyin kelib aytib berishdi.
– Siz ota-onangiz kabi san’atkor bo‘lishni orzu qilmaganmisiz?
– Men ota-onamni, ularning kasbini juda hurmat qilaman. Lekin negadir kasblariga qiziqmadim. Men badiiy kitoblarni ko‘p o‘qigan, o‘z dunyosi bilan, o‘z olamida yashaydigan qiz edim. Hattoki, sobiq tuzum davridagi targ‘ibot va kitoblar ta’sirida ko‘zi ojiz, yurolmaydigan nogiron bir yigitga turmushga chiqib, uni parvarish qilsam, deb orzu qilardim. Ammo u paytlarda qiz bolaning fikri inobatga olinmas va hatto so‘ralmas ham edi. Bolalarni yaxshi ko‘rganim uchun ular parvarishi bilan bog‘liq kasblar – pediatr yoki tarbiyachi bo‘lsam, derdim, SAMPIga kirmoqchi bo‘lganimda, buvim ruxsat bermaganlar, qiz bola uchun o‘qituvchilik va bog‘cha opalik ma’qul, deganlar qat’iy tarzda. Shu bilan taqdirim bolalar bilan bog‘langan.
– Aktyorni har bir o‘ynagan roli, yaratgan obrazi orqali yurtdoshlarimiz yaxshi ko‘radi, hurmat kiladi. Ammo Fathulla Ma’sudovning o‘zi qanday insonlarni hurmat qilardi? «Yomon odam» iborasini kimlarga nisbatan ishlatar edi?
– U kishining lug‘atida bunday iboraning o‘zi yo‘q edi. U kishi hech qachon hech kimning salbiy tomonini gapirmagan, birovlarni muhokama qilganini ham eshitmaganman. Gapirsalar, faqat ibratli tomonini gapirardilar. Men gapiradigan bo‘lsam ham birovning kamchiligini gapirish yaxshi odat emasligini, g‘iybatning hukmi yomonligini chiroyli tarzda tushuntirardilar. «Aslida har bir yomonlik ortida yaxshilik bor, uning hayotida nimadir bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ko‘nglidagini bilmay turib, birovga baho berib bo‘lmaydi. Har bir insonda, har qanday vaziyatda yaxshilikni ko‘ra bilish lozim», deya uqtirardilar.
– Erkaklarning ba’zilari oilada ota mavqei yuqori bo‘lsin deb, farzandlari bilan masofa saqlaydi, ular bilan ko‘pincha ayoli orqali gaplashadi. Bunday oilada otaning har bir so‘zi qonun darajasida qabul qilinadi. Ba’zi otalar esa farzandlari bilan yaqin do‘st, sirdosh bo‘lishadi. Aktyor oilada qaysi toifaga mansub ota edi?
– Farzandlari uchun yaqin do‘st kabi sirdosh edilar. Ota bilan bola orasida sir bo‘lmasligi, bola har doim ichki muammosini otasiga aytib, maslahat va yordam olishi lozim, shundagina hayotda qoqilmaydi, deb hisoblardilar. Uch bolasiga ham birdek mehr berar, o‘g‘illarini esa kichkinaligidan «O‘g‘il bola otasi bilan yurishi, hayotni, erkaklar munosabatini, otasining xatti-harakati, muomala madaniyatini o‘rganishi kerak», deb bozorga yoki ustaga ketsalar ham yonlarida olib yurar edilar. O‘g‘illarining o‘tish davridagi har bir o‘zgarishini tez ilg‘ab olar va «Sening ko‘rinishing menga yoqmayapti, nima darding bor? Qani bir boshdan gapir-chi!» deb alohida gaplashib, ularning ichidagini bilib olar va to‘g‘ri yo‘lga solib yuborar edilar. Lozim topsa qattiq jazolardilar ham. U kishi hayotligida bolalarimdan ko‘nglim xotirjam edi. Chunki ishi, tashvishi qanchalar ko‘p bo‘lsa ham qaysi bolasi, qaysi yaqin kishisi qayerda, nima bilan mashg‘ul ekanidan xabardor bo‘lib turardi. Ishlari qanchalik ko‘p bo‘lmasin, uch farzandimiz, to‘rt nevaramiz, kuyov va kelinlarimizning birortasini e’tibordan chetda qoldirmas, ular bilan suhbatlashishga, mehr ko‘rsatishga, quvonchu tashvishini eshitishga, lozim bo‘lsa yordam berishga vaqt topa olar edilar. Kichik o‘g‘limning aytishicha, bir kunda yigirma marta qo‘ng‘iroq qilib, u bilan gaplashgan vaqtlari ham bo‘lgan ekan. Kelinlarimizga otini aytib chaqirmasdilar, «jonim bolam, jonim qizim, mana buni yeb oling, mana bu sovg‘ani olib qo‘ying, sizga opkeldim», derdilar.
– Fathulla Ma’sudov san’at uchun tug‘ilganday edi go‘yo. Sahnada aks ettirgan rollari shu qadar samimiylik kasb etardiki, go‘yo o‘zi shu hayotda yashayotganday edi. Salbiy obraz yaratadimi, ijobiymi – ko‘zlaridagi mehr yoki qahr ovozidagi sehr bilan qorishib, mukammallik darajasiga yetardi. Aktyor bu darajaga yetishi uchun o‘z ustida tinmay ishlashi kerak, boshqa narsalarga vaqti ham qolmasa kerak, deb o‘ylaydi odam…
– Ha, u kishi tabiatan mehnatsevar bo‘lib, 24 soatning 4-5 soatinigina dam olish bilan o‘tkazar, qolgani mehnat, ijod va ibodat bilan o‘tardi. Bolaligidan juda harakatchan, radioga, drama to‘garagiga va boks mashg‘ulotiga qatnagan ekan. Sport musobaqalarining shahar va respublika bosqichida ancha yutuqlarni qo‘lga kiritganlari uchun kelajakda u kishidan trenerlarining umidlari katta ekan. Ammo o‘rta maktabni tugatayotganida oldidagi ikki yo‘ldan birini tanlashlari lozim bo‘lgan: sport yoki san’at. Fathulla akaning ikkinchisiga bo‘lgan muhabbati ustunlik qilib, san’at yo‘lidan ketishga qaror qilibdi. Sportsevarligi sog‘lom umr kechirishlariga zamin bo‘ldi. Uyda ham sport anjomlari bor, sharoit yaratilgan. Har kuni tongda, albatta, sport mashg‘ulotlarini bajarib, keyin ishga otlanardilar. O‘g‘illarimizning ham sport bilan shug‘ullanishi, hatto katta o‘g‘limizning olimpiya zaxiralari kollejida tahsil olishiga ham otasining sportsevarligi sabab bo‘ldi. Chunki ota-onaning har bir harakati bola uchun tarbiya-da. Aktyor bo‘lmaganlarida albatta, bokschi bo‘lardilar, deb o‘ylayman.
Bundan tashqari, qo‘li gul pazanda bo‘lib, bir kun uyda bo‘lsalar ham, albatta, biron tansiq taom tayyorlashni yaxshi ko‘rardilar. Taom tayyorlash uslubini meni, qizimni, keyinchalik kelinlarimni yonlariga chaqirib, erinmasdan o‘rgatar edilar. Qozonboshidan jilmasdan turib, zavq bilan ovqat tayyorlardilar. U kishi tayyorlagan taomning mazasi og‘zingizda qolardi. Ovqat pishirmas edilar – ijod qilardilar go‘yo.
– Har qanday baxtiyor insonning qalbida ham bir kemtik joyi bo‘lishi mumkin. Umr yo‘ldoshingiz ibratli xislatlarga ega bo‘lishi bilan birga juda ko‘rkam inson edi. Siz uni chiroyli aktrisalardan, partnyorlari, «yopishqoq» muxlisalaridan qizg‘anarmidingiz? Turmush o‘rtogingiz-chi? Sizni rashk qilib, munosabatlaringizga putur yetgan vaqtlari ham bo‘lganmi?
– Rashk, bu – shaxsiy masala. Shunday bo‘lsa ham javob beraman. Qizg‘anganman, lekin buni oshkor etmaganman, ichimda saqlaganman. Yoshligimizda bir gal spektaklda qanday sabr bilan o‘tirganimni bilmayman, tashqariga chiqib yig‘lavordim... O‘shanda «Sen meni rashk qildingmi?» deb rosa xursand bo‘lganlar. Chunki mening tuyg‘ularim yashirinligi uchun, «ota-onasi majburan menga uzatishgan, meni sevmaydi», degan xayolda yurar ekanlar-da.
Ammo o‘zimni, hayotni anglash yoshiga yetganimda bularning barchasi kasb taqozosi ekanligini yaxshi tushunganman. Ra’no Yarasheva, Zuhra Ashurova kabi partnyorlariga hurmatim cheksiz. Dilnoza Kubayeva-ku mening hayotdagi idealim. Undagi quvnoqlik, xushchaqchaqlik menda yo‘q. Shunday ajoyib, samimiy ayollardan rashk qilib bo‘ladimi?! Ishonasizmi, turmush o‘rtog‘im teatrga direktor bo‘lgach, ularni ayollardan emas, ko‘proq telefondan qizg‘anadigan bo‘ldim. Chunki kechki payt oila davrasida, bolalari, nevaralari bilan diydorlashib, suhbatlashib o‘tirishga imkon bermasdi shu telefon. Goh ustozlari, goh shogirdlari, goho muxlislari, tanishlari, jamoasidagilar... Hammasining bir dardi, muammosi bo‘lardi, yordam so‘rashardi.
Hech kimning ko‘nglini og‘ritgilari kelmas, yordam bergilari kelardi. Ayniqsa, pandemiya davrida – bir xodimining o‘zi, boshqasining yaqini kovid bo‘lgan, kasalxonada joy yo‘q, yordam bering, deyishardi. Bir kishining muammosini hal qilish uchun bu kishi qayerlargadir qo‘ng‘iroq qilardilar, iltimos qilardilar, asablari charchar edi. Men esa ularni ayagim, asragim kelardi. Hatto ba’zida maslahatli ish chiqib qolsa, «mayli, adanglardan so‘raylik», deb charchaganlarini ko‘rib, haftalab kutishga to‘g‘ri kelardi. «Adasi siz teatrga rahbar bo‘lsangiz ham bizning oilamiz boshlig‘isiz, bizning ham siz bilan gaplashgimiz kelyapti, nevaralaringiz sog‘inyapti sizni», derdim. «Xo‘p, oyisi», derdilar, asablari tolganini ko‘rib, indamay qo‘llarini ushlab o‘tirardim. Shu-u... qo‘llarimiz, nigohlarimiz gaplashardi, xolos... Bu holatni rashk deb atash mumkin bo‘lsa, men shunday rashk qilardim.
Keyingi yillarda nigohlarimiz to‘qnashmasa ham bir-birimizni yaxshi tushunardik, yonma-yon turib ham bir-birimizni sog‘inardik.
– Biron rolni yaratishda turmush o‘rtog‘ingizni qo‘llab-kuvvatlarmidingiz yoki qarshilik qilgan vaqtlaringiz ham bo‘lganmi? Balki u kishi o‘ynaydigan rollarga uning kasbiy faoliyati sifatida qarab, unchalik e’tibor bermagandirsiz?
– Har bir rolni ijro etishlaridan oldin ssenariyni olib kelib, «Oyisi, o‘qib ko‘rgin», derdilar. Bu balki mening san’atga yaqin bo‘lganim uchunmi yoki menga bo‘lgan hurmatu ishonchlari uchunmi, bilmadim. Men o‘qib, o‘z fikrlarim, mulohazalarimni aytardim, ular ham ko‘nglidagini aytardilar. Hech qachon, hech qaysi rolni o‘ynamang, demaganman. Chunki aktyorning vazifasi berilgan obrazni ochib bera olish...
Ammo bir ssenariy menga yoqmagan. Bu kishi bosh qahramon rolida ekanlar. Qahramon novvoy bo‘lib, ikki ayoli bor. Novvoy kichik xotinini yaxshi ko‘radi. Kichik xotinining maktabni tugatayotgan qizining sevgan yigiti bo‘lib, yuzi shuvut bo‘lib qoladi... Kino shu voqealardan boshlanadi. Bu mavzuni men hech hazm qila olmadim, menga yoqmadi. Shunda umr yo‘ldoshimga: «Adasi, jon adasi, shu rolni o‘ynamang. Bu sizning rolingiz emas, nega ekranga bu mavzuni olib chiqishyapti? Qancha ibratli oilalar bor, shularni ko‘rsatishsin. Hayotning bunday chirkin tomonlarini ko‘rsatish shart emas. Bu filmni qancha yoshlar tomosha qilishadi. Ularning ham fikrini buzmaydimi bunday kino? Shundoq ham telefon, internet yoshlar ongini zaharlayapti. Iltimos, o‘ynamang, bu rol sizga to‘g‘ri kelmaydi», – deb yalindim. Ammo u kishi «Men va’da berganman, endi so‘zimdan qayta olmayman, s’yomka guruhi Toshkent viloyatiga jo‘nab ketgan. Ular meni kutishyapti», deb ketdilar. Rol muvaffaqiyatli chiqdi, deyishdi, garchand shamollab qolib, kinoni oxirigacha yetkaza olmagan bo‘lsalar ham...
Shu rollarini Sanjar Sa’dullayev ovozlashtirdi. Ammo bu turmush o‘rtog‘imning so‘nggi ishi bo‘lib qoldi...
– Aktyor teatr direktori lavozimiga tayinlangach, odamlarning unga munosabati o‘zgardimi? Uning atrofdagilarga qarashi-chi?
– Albatta, kutilmaganda oddiy aktyorlikdan direktorlik darajasiga ko‘tarilgach, atrofida odamlar juda ko‘paydi, bu tabiiy hol. Vaqtlarini teatrga baxshida qildilar, bor imkoniyatlarni ishga solib, xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilab, ularni jipslashtirib, ko‘proq spektakllar yaratishga, atrofdagilarni ko‘proq tushunishga, ularning barcha muammolarini yechib berishga harakat qildilar. Rahbar bo‘lsalar ham birinchi navbatda aktyorman, der edilar, ijod qilishdan bir zum ham to‘xtamadilar.
– Umr yo‘ldoshingizning qaysi xislatlari farzandlaringizda ko‘rinadi?
– Qizim Gulnozada to‘g‘riso‘zligi, tez va to‘g‘ri qaror chiqarib, ishni oxirigacha yetkazishida; Habibullohda mehrliligi, barchaga yordam berishni xohlashi, ishonuvchanligida; kichik o‘g‘limda g‘azal o‘qish san’ati, rollarini tez yodlash qobiliyatiga egaligi, yaratayotgan obrazi mohiyatini ko‘z qarashlarida ham aks ettirishi, o‘zini tutishi, his-hayajonini ko‘rib, sahnada otasini ko‘rganday bo‘laman. Oilada farzandlarimning har bir xatti-harakati otasiga o‘xshaydi, hatto nevaralarimning ba’zi qiliqlari bobosini eslatadi. Ot izini toy bosadi, degani shu ekan-da...
– Umr yo‘ldoshingiz sizga sahnada turib, sevgi izhor qilgan, deb eshitganman. Shu to‘g‘rimi?
– Bolalarimiz 7-8 yosh paytlari edi. Men ularga nuqul: «Hech menga sevgi izhor qilmagansiz-a», deyaverardim. Ular esa: «E-e, mening shuncha xatti-harakatlarim, mehribonligim seni sevganim uchun emasmi?» desalar, «Yo‘q, bu boshqa narsa», derdim. Yoz fasli edi. «Turkiston» konsert zalida qandaydir bayram tadbiri o‘tkazilayotgan bo‘lib, uni butun O‘zbekiston xalqiga namoyish qilishayotgan, Madina Muxtorova bilan Fathulla aka shu bayram ko‘rsatuvining boshlovchisi edilar. Ikki bolam bilan men ham zalda o‘tiribman. Bir payt xo‘jayinim ko‘zlari bilan zaldan meni topib, qulog‘imga tanish she’rni o‘qiy boshladilar:
Kimlarga yomonman, sening yaxshingman,
Peshonangga bitgan o‘tlig‘ naqshingman,
Yurtim, xalqim, deb yuragi yongan bir baxshingman,
Gulira’no, men seni Alloh uchun sevaman!
Naq besh banddan iborat she’rni jaranglatib o‘qidilar. To‘g‘ri, tamoshabinlar Gulira’no men ekanimni, u kishining turmush o‘rtog‘iligimni, ular orasida o‘tirganimni bilishmadi ham, ammo men hayajonlanib, uyalib, g‘alati ahvolga tushdim. Konsert tugashi bilan o‘g‘lim Habibulloh otasining yoniga chopib boribdi. Parda ortiga o‘tib, otasiga qarab: «Ada, ada, nega unaqa dedingiz?» dermish. «Nima dedim?», desalar, «Uyatsiz gap gapirdingiz», debdi. Xo‘jayinim: «Nima dedim?», desalar, «Onamga sevaman dedingiz, uyalib ketdilar, boshqa bunaqa gap gapirmang», dermish! Shu bilan mashinaga o‘tirib, uyga ketar ekanmiz, oradan o‘n daqiqalar o‘tgach: «Rahmat, dadasi», dedim. U kishining esa mamnun holda: «Men senga butun O‘zbekiston oldida sevgi izhor qildim, shuni esingdan chiqarma!» deganlari hanuzgacha qulog‘im ostida jaranglaydi.
– Fathulla akani qo‘shiq, maqomlarni maromiga yetkazib kuylardi, deyishadi. Oila davrasida, yaqinlari orasida ham qo‘shiq aytarmidi?
– Bolalarim kichikligida menga «alla aytgin», derdilar. Men esa judayam uyatchan bo‘lganim uchun ayta olmasdim. Shunday pallada o‘zlari bir chiroyli ovozda alla aytib, bolalarni uxlatardilar. Ba’zan oilada, ba’zida qudalarimiz bilan dam olishga borganimizda, ashula aytib berishlarini iltimos qilardim. Aktyor bo‘lsalar ham, «yo‘g‘-ey, uyat bo‘ladi», deb qizarib ketardi, holi-jonlariga qo‘ymay qistasak, chiroyli nafasda, maftunkor ovozda goh torda, goh rubob yoki gitarada, ba’zida tarelkada kuylardi. Ovozi juda shirali edi. Hozir otasining ovozi kenja o‘g‘limga o‘tgan, chiroyli nafasi, shirali ovozi bor.
Bugun telefonimda ularning surati, qo‘ng‘iroqlarimda menga atab aytgan she’rlari... Har kuni necha marta qo‘ng‘iroq kelsa, shuncha marta u kishining ovozini eshitaman. Bu menga yashashga kuch beradi. U kishi Allohning menga bergan buyuk mukofoti edilar. Har kuni ovozini eshitib, nafaslarini his qilib turaman.
– Sizning hayotdan, xatolar, muhabbat, baxtli turmushdan olgan xulosalaringiz…
– Men har bir onning, har bir kunning, har bir insonning qadriga yetishni, xo‘jayinimga o‘xshab odamlarni, olamni sevishni, kechirimli bo‘lishni o‘rgandim. Uylarimni to‘ldirib turgan nevaralarimning borligidan shukronada bo‘lishni, kasbimdan, bolalarim, yaqinlarim borligidan, hatto suvlarning sharqirab oqishidan, daraxt barglarining shitiridan zavqlanib yashashni o‘rgandim.
Gulira’no Ma’sudova xalq sevgan san’atkorni baxtli qilish, o‘zi e’tirof etganidek, ijodini qo‘llab-quvvatlab, san’atining, ovozining oshig‘i bo‘lib yashash, uning vafodor va mehribon ayoli sifatida san’at tarixiga daxldor bo‘lish baxti nasib qilgan ayoldir. Bunday tole hammaga ham nasib qilavermaydi. Elimizning sevimli aktyori Fathulla Ma’sudov esa yaratgan rollari orqali, goh dehqon, goh shifokor, goho haqiqat posboni qiyofasida ezgulik, tabassum barq urgan chehrasi, mehrga to‘la ovozi, ibratli obrazlari siymosida har kuni xonadonimizga kirib kelaveradi va bizni, ya’ni, o‘z muxlislarini yaxshilikka, yorqin kelajakka boshlayveradi.
Saodat Matyoqub qizi suhbatlashdi.
(«Adolat» gazetasidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter