Rossiyadagi YTHda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

11-fevral kuni Rossiyaning Tyumen–Xanti-Mansiysk trassasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, mazkur hodisa oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlandi, ulardan ikkitasi halok bo‘ldi, bir kishi esa Tyumen shahrining 2-sonli shahar shifoxonasiga yetkazilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborotida aytilmoqda.
Mehnat faoliyatini amalga oshirish ruxsatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 20 ta yo‘lovchi bilan (barchasi O‘zbekiston fuqarolari) Tobolsk shahridan Tyumen shahriga yo‘l olgan «Mersedes» rusumli mikroavtobus yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.
Ma’lumotga ko‘ra, 1984-yilda tug‘ilgan Shuhratbek Toshkentboyev va 1983-yilda tug‘ilgan Baxtiyor Sayaxmedov YTH oqibatida vafot etganlar.
1976-yilda tug‘ilgan Qurvonjon Mirzaahmedov esa jarohat olgan.
Mikroavtobusdagi qolgan 17 nafar fuqaro jarohatlanmagan va keyinroq o‘z hujjatlarini rasmiylashtirib, Tobolsk shahriga qaytib kelgan.
Mehnat muxojirlariga yordam berish xalqaro assotsiatsiyasi YTH bilan bog‘liq barcha xarajatlarni, shu jumladan, O‘zbekiston fuqarolari jasadlarini vatanga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter