Rossiyada tug‘ilishni ko‘paytirish maqsadida yosh oilalarga tunda internetni cheklash taklif etildi

Rossiyaning Bryansk viloyati dumasi deputati va «Rossiya pravoslavnaya» harakati rahbari Mixail Ivanov yosh oilalar o‘rtasida tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida tungi paytda internetdan foydalanishni cheklashni taklif etdi. Bu haqda u «Abzats» nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Ivanovga ko‘ra, internet yangi turdagi ruhiy qaramlikka aylanib, oilaviy qadriyatlarga jiddiy tahdid solmoqda.
«Yoshlar bir-birlari bilan muloqot qilish, munosabat qurish va farzandli bo‘lish haqida o‘ylash o‘rniga, soatlab lenta aylantirish, o‘yin o‘ynash yoki serial ko‘rish bilan band», — dedi deputat.
Uning ta’kidlashicha, internetga bog‘liqlik Rossiyadagi demografik xavfsizlikka tahdid solayotgan omillardan biridir. Shu bois, Ivanov yosh, lekin hali farzand ko‘rmagan oilalar uchun internetdan foydalanishni kechki 23:00 dan 02:00 gacha cheklashni taklif etgan.
«Biz to‘liq nazoratni joriy etish tarafdori emasmiz. Ammo agar yoshlar har tunni telefonda o‘tkazsa, bir-biriga e’tibor qaratmasa, bu munosabatlar uchun to‘g‘ri yo‘l emas», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ivanov shuningdek, mahalliy shifokorlar va oilaviy psixologlar yoshlarga yordam berishi, jonli muloqot va oila qurish masalalarida ongli yondashuvni tushuntirishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, shu yil may oyi oxirida «Solovyov Live» dasturi boshlovchisi Sergey Mardan ham shunga o‘xshash taklif bilan chiqib, farzandi bo‘lmagan fuqarolar uchun nafaqani bekor qilishni ilgari surgandi. Unga ko‘ra, bu kabi choralargina demografik muammolarni hal etishda samara berishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter