Ro‘mol jamiyatni ikkiga bo‘ladigan muammomi?
Ro‘mol kimningdir shunchaki injiqligi emas,balki jamiyat ichidagi katta bir toifa fuqarolarning e’tiqodi taqozosidir. E’tiqod esa yuzaki bir narsa emas, balki chuqur, shaxsiyatning ma’naviy dunyosini belgilovchi jihatdir. Shu bois har bir kishining e’tiqodi, u xoh dahriy, xoh musulmon bo‘lsin, hisobga olinmog‘i lozim.
Shu bilan birga ro‘mol hech bir boshqa toifaning e’tiqodi yoki erkiga yoxud ma’naviyatiga zarar yetkazadigan narsa emaski, kimdir unga mantiqqa to‘g‘ri keladigan e’tirozini bildirsa. Yo‘q! Bunday e’tirozning o‘zi yo‘q.
Jamiyat ichida o‘zaro totuvlikni, birdamlikni va bundan kelib chiqadigan narsa – doimiy rivojlanishni ta’minlash uchun bir-birimizni tushunishni boshlamog‘imiz – dolzarb masala. Jamiyat faqat bitta tushunchadagi, bitta dunyoqarashdagi odamlardan tashkil topmaydi. Islom dini esa shu yurt odamlari dunyoqarashini ming yildan buyon shakllantirib kelgan ta’limotdir. Uning talablariga rioya etishni istagan fuqarolar jamiyatning ulkan qismini tashkil etadi va bu toifaning rioyasini qilmaslik jamiyatning birlashuviga – tom ma’nodagi jamiyatga aylanishiga yo‘l bermaydi, ichki ziddiyatni surunkali tus olgan dardga aylantiradi. Bu esa jamiyatning rivojiga xizmat qilmaydigan, buning aksiga xizmat qiladigan omildir.
Stereotiplar
Stereotiplar – biror narsa haqida hosil bo‘lgan barqaror, sodda (jo‘n), ongsiz ravishda qabul qilinish darajasiga yetib qolgan tasavvurlardir. Har bir rivojdan to‘xtab qolgan, turg‘unlikka yuz tutgan jamiyat stereotiplar qurshovida qoladi. Stereotiplarning yomon tarafi ham shunda – ularda ongsizlik elementi borligida – ma’lum bir narsa norma sifatida qabul qilinadi, ammo nega u qabul qilingani anglanmaydi. Shu bilan birga bu – ma’nosi anglanmagan narsa – qat’iy norma tusini oladi va boshqacha shakllarni tasavvurdan quvib chiqaradi.
Stereotiplarga tobe bo‘lgan jamiyat o‘zgacha shakllarga duch kelganda seskanadi – yangi shaklni o‘zining tor diapazoniga sig‘dirolmaydi – dunyosi buzilib ketayotgandek bo‘ladi. Aynan shu lahzada unga yordam qilish – dunyosi yolg‘on stereotiplardan iborat ekanligini tushuntirish kerak bo‘ladi.
Tushuntirish
Sifatli tushuntirish – stereotiplarning kushandasi. Mantiqqa suyanmaganligi bois stereotiplarni mantiqiy tushuntirishlar bilan muolaja qilish lozim bo‘ladi. Bitta stereotipni yengishni esa hozir bitta dovondan o‘tishga tenglashtirish o‘rinlidir – bu shunchalik muhim. Mantiqsizlik bilan kurashishni esa bemalol milliy g‘oya maqomiga ko‘tarsa bo‘ladi. Zero, barcha muammolarimizning zamirida aynan mantiqsizlik yotibdi.
Bu o‘rinda ziyolilarning o‘rni beqiyos – aynan ziyolilar mantiqsizliklarga qarshi kurashga otlanishi, xususan, bitta jamiyat ichida turfa shakllar (formalar), axloq-odab asoslariga zid bo‘lmasa, bemalol yonma-yon mavjud bo‘lishi mumkinligini ommaga anglatish usullari ustida bosh qotirmog‘i lozim.
Muhammad Shakur
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter