Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda muxolifatga yo‘l yopiqligi, unday kuchlarga nisbatan tazyiqlar bo‘layotganligi haqida fikrlar namoyon bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib ekspert sifatida ana shu masalani tahlil qilsak.
Avvalo muxolifat bo‘lish uchun «biz muxolifatmiz» deyishning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun siyosiy partiya parlament saylovlarida ishtirok etishi va Qonunchilik palatasida o‘z fraksiyasiga ega bo‘lishi lozim. (Ma’lumot uchun: fraksiya siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan deputatlar birlashmasi hisoblanaldi). Shu bilan birga ular o‘z saylovchilariga hamda amaldagi hukumat bilan raqabat qilishga loyiq salohiyatga, o‘zining aniq dasturiga ega bo‘lgan rasmiy siyosiy sub’yekt (siyosiy partiya, yoki ularning fraksiyalari) hisoblanadi. Ana shunday muxolifat rasmiy muxolifat hisoblanadi. Bugungi kunda siyosiy muxolifatni shakllanishi uchun bizda hech qanday to‘siqlar mavjud emas.
Birinchidan, rasmiy muxolifatni shakllantirishning huquqiy asoslari yaratilgan. Ma’lumot uchun: «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun 251-moddasining oltinchi qismiga ko‘ra yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan fraksiyalar o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin. Shundan kelib chiqib har qanday siyosiy partiya o‘zini muxolifat partiyasi sifatida namoyon qilishi mumkin. Bunga nisbatan hech qanday to‘siqlar mavjud emas.
Ikkinchidan, muxolifat shu jamiyatni ichidan chiqishi muhim. Shundagina ular shu yurtni muammosini o‘zlarida his qilib uni yechimi bilan bog‘liq mukobil yechim taqdim qila oladilar. Aks holda qaysidir kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladigan siyosiy kuch sifatida yurtimizni tinchligiga xavf soladilar.
Uchinchidan, muxolifatni shakllanishi uchun avvalo sharoit mavjud bo‘lishi muhim. Ya’ni jamiyatda ochiqlik va plyuralizm rivojlanishi bilan muqobil yondashuvlar, muxolifat ham shakllanadi. Bugun jamiyatimiz siyosiy hayotida ochiqlik va erkinlik shaklanmoqda. Buning uchun hokimiyat shart-sharoitni yaratdi. Galdagi vazifa jamiyatdagi muqobil fikrlovchilar tomonidan shunday muxolifatni shakllantirish hisoblanadi.
Bu uchun bugungi saylov jarayonlariga o‘xshash jamiyatni siyosiy madaniyatini oshiradigan siyosiy jarayonlarni bosib o‘tishimiz muhim ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, eng muhimi muxolifat buzuvchi tizim emas tuzuvchi, muqobil bo‘lishi kerak. Uning g‘oyalari mavjud tizimni, tartibotlarni butunlay buzib tashlashga emas, uni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kerak.
Mavjudlarini buzub yangisini barpo etish siyosatshunoslar tili bilan aytganda inqilob hisoblanadi. Uning eng katta kamchiligi hammasidan voz kechib hammasini boshdan, yangitdan boshlashni talab etadi. Buning og‘irligi avvalo oddiy xalqni zimmasiga tushadi. Masalan, mustaqillikni dastlabki yillarda shakllangan Erk partiyasining antikonstitutsion faoliyati va uni sud qarori bilan faoliyatini cheklanganligini qayd etish mumkin.
Xullas bugun bizga rasmiy va taraqqiyotimiz uchun konstruktiv muxolifat zarur. Bugungi saylovlardagi nomzodlar o‘rtasidagi dadil chiqishlar, tanqidlar eng muhimi dasturlardagi muhim konsepsiyalar bizda ham rasmiy muxolifatni shakllanib borayotganligidan dalolat beradi.
Oybek Sirojov,
Toshkent Kimyo texnologiyalari instituti kafedra mudiri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter