Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XDP fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb e’lon qildi

XDP fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb e’lon qildi

Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida partiya ikki o‘ng partiya tomonidan tuzilgan parlament ko‘pchiligi – «Taraqqiyot bloki» hamda mazkur blok qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat dasturi va faoliyatining qator yo‘nalishlariga qo‘shila olmasligini bildirdi.

«Biz mazkur blokning tuzilishiga e’tiroz bildirmagan holda uning ustuvor vazifalari, shuningdek hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shila olmaymiz», – deyiladi partiya fraksiyasi bayonotida.

Shuningdek, «so‘l qanot partiya sifatida faoliyati davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq masalalarni hal etish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, aholini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishda faol qatnashib kelayotani» ta’kidlanadi.

XDP, jumladan, quyidagi masalalarni tanqid qildi:

  • iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirishga intilish va strategik kompaniyalarni xususiylashtirishga qarshi qonun yo‘qligi;
  • pensiya tizimini faqat bozor tamoyillari orqali isloh qilish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun kommunal to‘lovlar bo‘yicha aniq strategiyaning yo‘qligi;
  • ulushdorlik asosida uy-joy qurishda fuqarolar huquqlarini kafolatlaydigan tizim shakllanmagani;
  • daromadga qarab soliq solish tizimining yo‘qligi, xususan boylar uchun “hashamat solig‘i” joriy etilmagani;
  • dori vositalari narxiga chegara belgilanmagani va ularning reklamasi taqiqlanmagani.

Partiya bu masalalarni o‘z elektorati manfaatlariga zid, deb hisoblab, parlamentda rasman muxolifat sifatida faoliyat yuritishini e’lon qildi.

«Biz, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ijtimoiy ximoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlik ta’moyillarini yuzaga chiqarish orqali O‘zbekiston ijtimoiy davlat ta’moyilini amalga oshirishda saylovchilarimiz manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yamiz va mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni bundan buyon ham safarbar qilishda davom etamiz», – deyiladi bayonotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring