Raqamli texnologiyalar vaziri hamrais etib saylandi

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon hukumati sammiti (World Government Summit) xalqaro anjumani doirasida «Global Councils On SDGs» mavzusidagi sessiya tashkil etildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘z nutqi bilan ishtirok etdi.
Ushbu sessiyada BAA Hukumatni rivojlantirish va kelajak bo‘yicha davlat vaziri, «SDG» Global Kengashlar prezidenti Ohud Halfan Ol Roumiy so‘zga chiqib, rivojlanayotgan davlatlarni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng yaxshi yechimlarga, o‘zaro xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga va vaqtni samarali taqsimlashga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, u vazir Sherzod Shermatov 2026 yil yakuniga qadar Kengashning Barqaror rivojlanish maqsadi «Sanoat, innovatsiya va infratuzilma» (SDG 9) bo‘yicha hamraisi etib saylanganligini e’lon qilib o‘tdi.
SDG 9 – bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan 2015 yilda qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs – Sustainable Development Goals) tarkibiga kiradi.
SDG 9 global miqyosda sanoat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va infratuzilmani yaxshilash orqali iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning o‘sishi tobora jadal sur’atlarda davom etayotgani, rivojlanayotgan mamlakatlar ilg‘or texnologiyalarni noldan joriy qilish orqali tezroq rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, bu jarayonda xalqaro hamkorlikning o‘rni beqiyosligini ta’kidladi.
«Bugungi dunyoda demografik o‘zgarishlar muhim ahamiyat kasb etayotgani, rivojlangan mamlakatlarda aholi soni qisqarib, keksayish jarayoni davom etayotgan bo‘lsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholi o‘sish sur’ati yuqori.
Bu esa mehnat bozorida katta o‘zgarishlarni keltirib chiqarmoqda. Ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, ko‘plab mamlakatlarda migratsiya bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shu bois, rivojlanayotgan mamlakatlar masofaviy ishlashni kengaytirish, BPO va KPO xizmatlari imkoniyatlarini oshirishlari juda muhimdir», – dedi vazir Sh. Shermatov.
Shuningdek, vazir bunga parallel ravishda rivojlanayotgan mamlakatlarda onlayn ta’lim platformalarini rivojlantirish ham ustuvor vazifalardan biri ekanini qo‘shimcha qildi. Barcha yoshlar ilg‘or ta’lim resurslariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerakligini ta’kidladi.
Sessiya davomida innovatsiyalar rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham ochiq bo‘lishi lozimligi, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar asosan rivojlangan davlatlarda amalga oshiriladi, lekin bu texnologiyalar ochiq manbali tarzda ulashilsa, butun insoniyat bundan foyda ko‘rishi mumkinligi, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa muhim sohalarda innovatsiyalarni ommalashtirish katta foyda keltirishi qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter