Rahm aylang, erkaklar!
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 3-kurs talabasiga dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib, so‘ng uni derazadan itarib yuborgani haqida xabarlar omma e’tiborini tortmoqda.
Shifokorlar esa derazadan yiqilgan talaba qizga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxisini qo‘yishgan. U hali beri oyoqqa turolmasligi aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqni kuzatar ekanman, Mushtariy Komilova pedagogika unversitetida o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtirok etib yurgan, o‘tgan yili oliygohda o‘tkazilgan «Yil talabasi» tanlovida g‘olib bo‘lgani haqidagi ma’lumotni o‘qib qoldim. Demak, bu qiz iste’dodli kelajagi porloq kadr bo‘lishi shubhasizligi uning ushbu harakatlarida aks etib turibdi. Talaba qizga qilingan bu zo‘ravonlik kelajagiga, ya’ni qizning nomusiga yomon ta’sir qiladigan holat bo‘ldi deb hisoblayman.
Atrofimizda bunday holatlar tez-tez uchrab turibdi, lekin ko‘pini biz bilmaymiz, o‘shanday zo‘rlik qurboniga aylanayotgan xotin-qizlarning holati oilasida yoki o‘zining ichki siri bo‘lib tashqariga chiqmay qolib ketyapti. Natijada mana shunday ko‘ngilsiz voqealar avj olayapti. Bunday deyishimga sabab Toshkent viloyati Olmaliq shahar hokimligi Xotin-qizlar qo‘mitasida, undan so‘ng esa Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limida ishladim. Yuqoridagi so‘zimda aytganday jabr zo‘ravonliklarga uchrayotgan xotin-qizlarning hayotini ko‘rib guvohiga aylanganman. Shunday voqealardan bir nechtasini misol qilib keltirmoqchiman.
B. bilan Sh. oila qurib 3 nafar farzandli bo‘lishgan. Oilada farzandlar katta bo‘lgach ularga sarf etadigan xarajatlar soni ham kengayib boraveradi. Oilada moddiy yetishmovchilik ortib borayotganidan xunob bo‘lgan B. bor alamini ojiza ayolidan olib, uni tinmay haqoratlar, shaxsiyatiga tegadigan gaplar bilan janjallar chiqarardi. Lekin sabrni odati deb bilgan Sh. hammasini ichiga yutdi. Biroq er bundan foydalanib ayolining boshiga chiqadi, uydan tunda sovuq suv quyib Sh.ni haydab soladigan odat chiqardi. Sabr kosasi to‘lgan Sh. uch nafar farzandlarini olib ota hovlisiga ketib qoldi. B. esa ayoli va uni uydagilariga yana bir bor zo‘ravonligini ko‘rsatish maqsadida qaynotasiga pichoq o‘qtaldi, ayoliga musht bilan tarsakilarni qatorlashtirib tashladi. Sud xukmida tomonlarni yarashtirish uchun muhlat berilganda Sh. va uning otasi norasida bolalarning kelajagini o‘ylab B.ni kechirishdi, ayol o‘z erini, qaynota kuyovni qamatdi degan tamg‘a olishdan or qilishdi.
I. bilan D. ning uch nafar farzandlari bor D. ishdan tungi vaqtlarda keladi. I. ham yosh avlodga saboq beradi, charchaydi, toliqadi. Ishdan kelib turmush o‘rtog‘ini tungacha uxlamasdan kutib o‘tira olmaydi. Bundan g‘azablangan D. ayoli uyqusirab eshik ochganidan darg‘azab bo‘lib, uydagi idish, qo‘liga ilingan narsani otib janjal chiqarardi. I. ham bunday janjallardan bezor bo‘lib turmush o‘rtog‘iga ishlamay uyda o‘tirishi mumkinligi shunda uni ko‘nglidagiday kutib olishi uchun imkoniyat bo‘lishi haqida aytganda er bunga ko‘nmaydi, «ham ishni eplaysan, ham oilani, dunyoda bitta sen ishlayotganing yo‘q», degan javobni qaytaradi. Bu hayotiy misol. Nima, ayolning joni qirqtami, hurmatli erkaklar? Uning ham vaqtida dam olgisi turmush o‘rtog‘idan shirin so‘zlarni eshitgisi keladi, deging keladi.
Yu. ikkinchi farzandi – qizini dunyoga keltirganda turmush o‘rtog‘i Sh. bu bola mendan emas deb haqoratladi, uydan haydadi. Yu. ikki farzandi bilan ota hovlisiga bordi. Erining aytgan gapi tuxmat ekanligini isbotladi. DNK tekshiruvi farzandni otasi Sh. ekanligini ko‘rsatib berdi. Lekin Sh. gapida turib olib, nikohi qonuniy ajrim bo‘lmasdan turib shar’iy nikoh bilan boshqa bir ayolga uylandi, ikki norasida bolani ota bo‘lib kelajagini, taqdiri o‘ylab ham o‘tirmadi. Bir oila parokanda, bolalar esa umrbod ruhiy majruh bo‘ldi.
Aziz erkaklar, jon yigitlar, ojizani tepkilash, kuchsizning ustidan kulish na dinimizda bor va milliy qadriyatlarimizda. Ayolning qalbini yuksaltiring, himoya qiling va ojizalarga faqat mehr va muruvvat ko‘rsating. Shunda millatimiz yanada kuchliroq, elimizning ma’naviy olami butun bo‘ladi.
Lobar ShOMURODOVA, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter