Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh ayol-prezidentni inkor qildi(mi?)

AQSh ayol-prezidentni inkor qildi(mi?)

Shunday qilib AQSh ham ayol siyosatchilarga toqati yo‘q Osiyo mamlakatlari kabi ayol-prezidentni inkor qilgan ko‘rinadi. Bilamiz, Yevropaning ko‘plab davlatlarida ayol-siyosatchilar bosh vazir va prezident lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishgan.

Shu o‘rinda hukumat rahbari sifatida xalq tomonidan ham, siyosiy elita tomonidan ham tan olinib, obro‘-e’tibor qozongan Margaret Tetcher, Angela Merkellar yaqqol misol bo‘la oladi. Afsuski, Osiyoda ayol-siyosatchilar haqida bunday deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, siyosatchi ayollar obro‘ qozonib, hurmat-ehtirom bilan mansabini topshirgan bir-ikkita davlatni aytmaganda, qolgan davlatlarda ayol-siyosatchilar siyosiy elita va xalq tomonidan goh oshkora, goh yashirin inkor qilingan. Mana, jahonda eng demokratik davlat deya tan olingan AQSh saylovchilari ham Kamala Harrisning davlat boshqaruviga kelishiga imkon bermadi.

Keling, Osiyodagi siyosatchi ayollar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Ularning ayrimlariga havas qilsak, ayrimlarning taqdiridan xavotirga tushamiz.

Shu o‘rinda Singapurning 8-prezidenti Halima Yoqub (Halimah Binti Yacob) haqida gapiradigan bo‘lsak, u 2017-yil 14-sentyabrdan 2023-yil 13-sentyabrgacha Singapurga rahbarlik qildi. Shuni aytish kerakki, u boshqa nomzodlar saylovga qo‘yilmaganidan keyin avtomatik ravishda prezident sifatida e’lon qilingan edi (bu vaqtda u parlament senati raisi sifatida ishlab kelardi). U Singapur tarixidagi parlamentni boshqargan birinchi ayol va birinchi prezidentdir. Ammo u 2023-yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘ymaslika qaror qildi. Eslatib o‘tamiz, Singapurda prezidentga nisbatan bosh vazir katta vakolatlarga ega.

Benazir Bxutto 1988-1990 va 1993-1996 yillarda xukumatni boshqarib Pokistonning ilk ayol bosh vaziri sifatida tarixda qoldi. Unga nisbatan ikki marta hujum uyushtirilgan. Ilk bor 2007-yil 18-oktyabrda hujum uyushtirilgan, o‘shanda 139 kishi halok bo‘lib, 450 kishi jarohat olgan edi, Benazir Bxuttoga ikkinchi su’qasd 2007-yil 27-dekabr kuni sodir etildi. Bxuttodan tashqari kamida 23 kishi halok bo‘lib, 90 kishi jarohat olgan edi.

Turkiyalik iqtisodchi va siyosatchi Tansu Chiller (Tansu Çiller)ni ko‘pchilik yaxshi eslaydi. U Turkiyaning birinchi va yagona bosh vaziri (1993—1996) sifatida tarixda qoldi. To‘g‘ri, u bosh vazirlikdlan keyin 1996-1997-yillarda tashqi ishlar vaziri lavozimida ishladi). 1997-yilda yangi xukumatni shakllantirishga ulgura olmadi va harbiy to‘ntarish oqibatida xukumatdan chetlashtirildi. Turkiya parlamenti unga nisbatan jiddiy ayblov bo‘yicha tergov olib bordi. 1998-yil so‘ngida unga nisbatan ochilgan ish yopildi. 2002-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlardagi mag‘lubiyatidan so‘ng siyosatdan butunlay ketdi. Ayrim jurnalistlar Tansu Chiller armiya bosimi ostidan siyosatdan uzoqlashganini aytishadi.

Myanmalik siyosatchi Aun San Su Chji haqida ko‘pchilik eshitgan. «Demokratiya uchun Milliy liga» rahbari bo‘lgan siyosatchi xukumatda tashqi ishlar vaziri va Davlat maslahatchisi bo‘lishiga qaramay, amalda 2016-yildan to 2021-yilga qadar xukumatni boshqardi. Aun San Su Chji davlat mansablariga da’vogarlik qila olmasdi, chunki u va marhum eri Buyuk Britaniya fuqorosi edi.

2021-yil 6-dekabr kuni Neypido sudining yopiq maslisida Aun San Su Chji to‘rt yil qamoqqa hukm qilindi. Keyinchalik yana to‘rt yilga, 2022-yil 15-avgustda esa olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 2022-yilning 12-oktyabrida u 26 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Umumiy hisobda u 33 yil qamoqda o‘tiradigan bo‘ldi. 2023-yil 1-avgust kuni harbiy xunta Su Chjini qisman avf qildi, uning jazo muddati 27 yilga qisqartirildi.

Pak Kin Xe 1963-79 yillarda Koreya Respublikasi Prezidenti bo‘lgan Pak Chon Xining qizi bo‘lib, u 2012 yilda prezident etib saylandi. 2013-yilning 25-fevralida vazifasini bajarishga kirishdi. 2016-yil 9-dekabr kuni parlament unga impichment e’lon qildi.

2017-yil 10-mart kuni Konstitutsion sud impichmentni tasdiqladi va uning prezident sifatidagi vakolati to‘xtatildi. O‘sha yilning 30-mart kuni u hibsga olindi. 2018-yil 6-aprel kuni sud tomonidan 24 yil muddatga qamoqqa hukm qilindi. 18 milliard von miqdorida jarimaga tortildi. Jinoiy ish qayta ko‘rib chiqilgani bois qamoq muddati 25 yilga, jarima 20 mlrd vonga ko‘paytirildi. 2021-yil dekabrida prezident Mun Chje In tomonidan Pak Kin Xe avf etildi.

Indira Priyadarshini Gandi (Indira Gandhi) Hindiston birinchi bosh vaziri Javaharlal Neruning qizi bo‘lib ilk bor 1966-yildan 1977-yilga qadar, so‘ng 1980-yildan o‘limiga qadar mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. U 1984-yil 31-oktyabr kuni o‘z tansoqchilari tomonidan o‘ldirilgan.

Dia Permata Megavati Setiavati Sukarnoputri (Diah Permata Megawati Setiawati Soekarnoputri (Sukarnoputri) xonim 2001-2004 yillarda Indoneziyaning ilk ayol prezidenti bo‘lgan. U mamlakatning birinchi prezidenti Sukarnoning qizi edi.

Xaleda Zia yoki Xaleda Ziyo Raxmon Begum 1991-1996 va 2001-2006 yillarda Bangladesh bosh vaziri lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Bangladesh ayol bosh vazirlaridan Sheyx Xasina Vazed ham ikki marta 1996-2001 va 2009-2024 yillarda hukumatiga rahbarlik qildi. Ommaviy namoyishlar tufayli Sheyx Xasina 2024-yil 5-avgust kuni iste’foga chiqdi va Hindistonga qochib ketdi. Shundan so‘ng Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘radi.

Jahonda ilk ayol bosh vazir sifatida tan olingan Sirimavo Ratvatte Dias Bandaranaike 1960-1965, 1970-1977, 1994-2000 yillarda Shri-Lanka (1972 yilga qadar mamlakat nomi Seylon bo‘lgan) xukumatini boshqargan. 1980 yilda u Oliy sud tomonidan mansabini suiste’mol qilganlikda aybdor deb topildi, parlament uni deputatlik mandatidan mahrum qildi va 7 yil muddatga siyosiy faoliyatini to‘xtatdi. 1986-yil 1-yanvardan uning huquqlari tiklandi hamda qo‘shimcha tarzda o‘tgan saylovda parlamentga saylandi. 1988-yilda prezidentlik saylovida qatnashdi, ammo mag‘lub bo‘ldi.

1994-yilda Bandaranaikening qizi Chandrika Kumaratunga prezidentlik saylovida g‘olib bo‘ldi va onasini bosh vazir etib tayinladi. 2000-yil avgustida eng keksa ayol siyosatchi sifatida 84 yoshli Bandaranaike iste’foga chiqdi, o‘sha yilning 10-oktyabr kuni parlament saylovida ovoz berganidan keyin yurak xastaligi tufayli vafot etdi.

Shri-Lankining 5-prezidenti Chandrika Bandaranaike Kumaratunga avvalroq - 1994-yilda bosh vazir etib saylangan edi. Uning prezidentlik davri 1994-2005 yillarga to‘g‘ri keladi. U eri Vidjayya Kumaratunga bilan Xalq partiyasiga asos soladi. 1988-yilda eri Tamil terrorchilari tomonidan o‘ldirilgach, partiyaga rahbarlik qiladi. 1994-yilda Xalq partiyasi parlament saylovida g‘alaba qozonadi va Kumaratunga bosh vazir bo‘ladi. O‘sha yilning kuzida bo‘lib o‘tgan muddatdan avvalgi prezident saylovida Kumaratunga g‘alaba qozondi. 2000-yilgi prezidentlik saylovi arafasida Kumaratungaga suiqasd uyushtiriladi. Tasodif tufayli u tirik qoladi. Ayni shu suiqasd uning qayta prezident etib saylanishiga yordam berdi.

Xulosa sifatida aytish kerakki, sharqda ayollarga davlat va hukumat rahbari bo‘lish ancha mashaqqatli ish ekan. Xalq tomonidan qabul qilinsa, siyosiy elita inkor qiladi. Siyosiy elita tomonidan qabul qilinsa, xalq inkor qiladi.

Ko‘rinib turibdiki, Xillari Klinton singari Kamala Harrisning ham peshonasiga AQSh prezidenti sifatida tarixga kirish yozilmagan ko‘rinadi.

  Sharofiddin To‘laganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring