Qrim-Kongo gemorragik isitma yana muhokama markazida
Bugun, 14-noyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining maxsus ishchi guruhi tomonidan tuzilgan Qrim-Kongo gemorragik isitma bo‘yicha yangi klinik qo‘llanma taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, AQShning kasalliklar nazorati va profilaktikasi Markazi (CDC), AQSh Mudofaa vazirligi tahdidlarni kamaytirish agentligi (DTRA) va boshqa davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Mutaxassislar Qrim-Kongo gemorragik isitma bo‘yicha yangi amaliy qo‘llanma haqida ma’lumot berishgach, uning ta’siri va natijalari, amalga oshirish koordinatorlarini belgilash, monitoring mexanizmlarini ishlab chiqish hamda mamlakatda qo‘llanmaning 4000 nusxasini bepul tarqatish masalalarini muhokama qilishdi.
O‘zbekistonda Qrim-Kongo gemorragik isitma bilan mavsumiy kasallanish bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyatni baholash va ushbu infeksiyaga qarshi kurashda birgalikda harakat qilish, Qrim-Kongo gemorragik isitmani nazorat qilish, tashxislash, davolash va oldini olish choralariga tegishli tuzatishlar kiritish, davra suhbati qarorlarini bajarish bo‘yicha mas’ul shaxslarni aniqlash tadbirning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Krim-Kongo gemorragik isitmasi qanday kasallik?
Qrim-Kongo gemorragik isitma nihoyatda xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. U odamga yirik va mayda shoxli qoramollardan iksod kanalari orqali yuqadi. Kana chaqqanda undagi virus odamning qoniga tushadi. Oqibatda qon ivishi buzilib, turli qon ketishlar kuzatiladi. Vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter