Qo‘shni davlatda koronavirusni yuqtirayotganlar soni avvalgidek ko‘paymayotgani aniqlandi
5-iyuldan joriy etilgan karantin cheklovlarining sharofati bilan Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlarining kunlik o‘sishi 4% dan 1,7% ga kamaydi, deya xabar berdi bugun, ya’ni 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Yerali Tog‘janov.
«Hukumat tomonidan qo‘shimcha cheklovlarning joriy etilishi epidemiologik vaziyatni sezilarli darajada barqarorlashtirdi, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yuklamani kamaytirdi. Bugun kasallanishning kunlik o‘sishi 4% dan 1,7% ga pasaydi. Tuzalganlar soni 66% ga ko‘paydi. Shifoxonadagi joylarning bandligi 90% dan 40% ga kamaydi. Shu munosabat bilan yettita hududda qo‘shimcha ochilgan 15 ta vaqtincha statsionar yopildi», — dedi Tog‘janov.
Uning ma’lum qilishicha, tez yordam chaqiruvlari soni umuman 40% ga, koronavirus bilan bog‘liq 50%, pnevmoniya bilan bog‘liq 35% ga kamaygan.
Tog‘janov davlat rahbarining topshirig‘iga binoan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ijobiy natijasini kuchaytirish maqsadida davlat komissiyasi karantin cheklovlarini yana ikki haftaga — avgustning o‘rtalarigacha uzaytirishga qaror qilganini eslatdi.
Qozog‘istonda o‘tgan bir kecha-kunduzda 1472 ta koronavirus infeksiyasi holati aniqlandi. Jami kasallanganlar soni 87 664 kishiga yetdi. Tuzalgan bemorlar soni 56,6 ming nafardan oshadi. Mamlakatda koronavirus tufayli 793 ta o‘lim holati qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter