Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib kelgan ayol «mijoz»ining qaynonasini do‘pposladi

Qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib kelgan ayol «mijoz»ining qaynonasini do‘pposladi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida qo‘shmachilik jinoyatini sodir etib, «munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ayolga ushbu jinoyatni takroran sodir etgani uchun 2 yilu 8 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi sudyasi Boborahim Ochilov xabar bermoqda.

Sud hujjatlariga ko‘ra, asli Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida tug‘ilgan 38 yoshli ayol Sojida Bekova ayni paytda o‘zi yashab kelayotgan G‘ijduvon tumanidagi «Sharq» mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyining yotoqxonasida qo‘shmachilik jinoyatini sodir etgan. U hamqishlog‘i fuqaro Mustafo Mashrapovga ishqiy munosabatda bo‘lishi uchun ayol topib berishini va buning evaziga undan o‘z plastik kartasiga 200 000 so‘m pul o‘tkazib berishini bildirgan. 

Sud ishida aniqlanishicha, Sojida Bekova avvaldan fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik jinoyatlarini sodir qilish hatti-harakatlari bilan shug‘ullanib kelgan. Bu jinoyatini davom ettirgan holda o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan 32 yoshli ayol Mavjuda Jamilovaga «taklif» bildirgan. Mavjuda ixtiyoriy rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng Sojida o‘z mijozlariga jinsiy aloqa qilishlari uchun qulay sharoit yaratib bergan. O‘zi esa uyining oshxonasidan kutib turgan.

Oradan chamasi, ikki soatlarcha vaqt o‘tgan. Mavjuda fuqaro Mustafodan «o‘z xizmati» evaziga  100 ming so‘m undirgan. Shundan so‘ng Mavjuda Mustafo bilan birga Sojidaning yashash uyidan chiqib ketayotgan xuddi shu vaqtda to‘satdan o‘zining qaynukasi Akmal Avezov pod’yezdning oldida ular bilan to‘qnash kelib qolgan.

Sarosimada qolgan Mavjuda fuqaro Mustafo bilan «Matiz» rusumli yo‘nalishli taksida voqea joyidan qochib ketishga uringan. Akmal esa ularni ushlab olgan.  Akmal oldindan Sojidaning «og‘izga tushgan» ayol ekani haqida bilgani uchun ham akasining xotinini so‘roqqa tutgan. Mavjuda uydagi pichoqlarni ustaxonaga olib borish uchun yo‘l-yo‘lakay Sojidaning uyiga kirib o‘tayotganini bildirgan. Bu orada fuqaro Mustafo o‘z avtomashinasida voqea joyidan qochib qolgan. Akmal esa Mavjudani ushlab turib, onasi va akasiga qo‘ng‘iroq qilgan va ularning zudlik bilan voqea joyiga yetib kelishini so‘ragan.

«Sojida Bekova jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, qo‘shmachilik jinoyatini sodir etgan bo‘lsa-da, Mavjudaning qaynonasi fuqaro Salima Halimovani nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan. «Kelining sog‘ bo‘lsa, yugurib kelarmidi, yangang birinchi marta kelmayapti, ayb mendami»-deya jahllangan. Va Salima ayani do‘pposlab ketgan. Uning badanining to‘g‘ri kelgan joylariga qo‘llari bilan qasddan bir necha marotaba urgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, «peshona, ikkala qosh, burun qirrasi, o‘ng lunj sohasidagi qontalash» kabi sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tan jarohati yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir qilgan. Shuningdek hodisa joyida bo‘lgan Akmalni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagan. Sud uning bu jinoiy harakatlari JK 277-moddasi 3-qismining «a,g» bandalari bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb hisoblaydi»,— deydi sudya Boborahim Ochilov.

Bundan ilgari ham munosib hulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat yozib, unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan Sojida Bekova o‘z hatti-harakatlarini tan olmagan. Sud majlisida so‘roq qilingan Mustafo esa Sojidaning unga qo‘ng‘iroq qilib, jinsiy aloqa qilishi uchun qiz topganini, agar u bilan shuni xohlasa, plastik kartasiga 200.000 so‘m miqdorida pul tashlab berishini so‘ragani va uning plastik kartasiga pul tashlab berganini gapirgan. Va Mavjuda Jamilova bilan jinsiy aloqada bo‘lib, uning qo‘liga ham 100.000 so‘m pul bergani haqida ko‘rsatuv bergan.

«Sudlanuvchi Sojida Bekova holat ochiqlangach, o‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 131-moddasining (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 2-qismi va 277-moddasi (Bezorilik) 2-qismining «v» bandida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli, deb topildi.  Bundan  tashqari, uning hatti-harakatlariga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 2 yil 8 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanildi»,— dedi Boborahim Ochilov.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring