Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Marixuanachi» ayolning yana bir «qilig‘i» fosh bo‘ldi

«Marixuanachi» ayolning yana bir «qilig‘i» fosh bo‘ldi

Buxoroda o‘z tomoraqasida kannabis o‘simligini yetishtirib kelgan ayolning qo‘shmachilik bilan ham shug‘ullangani fosh etildi. Unga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qildi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilov.

1979 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan N.R. 3 nafar farzandi bilan turmush o‘rtog‘idan ajralgach, tirikchilikning qing‘ir yo‘llaridan borgan. U o‘z yashash hovlisi tomorqa yeriga tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan va ta’qiqlangan ekin hisoblangan kannabis o‘simligini ekib, unga agrotexnik ishlov berib yetishtirgan.

Qorako‘l tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli «Qoradori-2023» tadbiri davomida N.R. o‘zi yetishtirgan «hosil»dan tayyorlangan sof og‘irligi 5,17 grammga teng bo‘lgan giyohvand moddasini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan.

«Marixuanachi» ayol aslida, tuman dehqon bozoridan o‘zining yashash xonadoniga ekish uchun gul urug‘larini sotib olganini, keyinchali ularni yerga ekkach, kannabis bo‘lib chiqqanini vaj keltirgan. Biroq, tergov-surishtiruv ishlari davomida N.R. bu hatti-harakatlarini o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan D.I. hamda R.J. ismli ayollar bilan til biriktirgan holda amalga oshirganini tan olgan. Shundan so‘ng N.R.ning nafaqat, marixuannafurushlik, balki, qo‘shmachilik bilan ham shug‘ullanib kelayotgani fosh etilgan.  U qorako‘llik va olotlik fuqarolarning cho‘l hududlaridan birida jinsiy aloqada bo‘lishlari uchun 1 500 000 so‘m evaziga qo‘shmachilik jinoyatini ham sodir etib kelgan.

Sud hukmiga ko‘ra, N.R. Jinoyat kodeksining 270-moddasi (Ta’qiqlangan ekinlarni yetishtirish)1-qismi, 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash)1-qismi va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari  yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilgan. 2 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan ayol tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring