«Qizni qutqargan ishora» — Bugun ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni
1981-yildan buyon butun dunyo bo‘ylab faol ayollar 25-noyabr sanasini «Zo‘ravonlikka qarshi kurash» kuni sifatida nishonlaydilar. Bu yil o‘sha kun nishonlana boshlanganiga 40 yil to‘ldi.
1960-yilda Dominikan Respublikasi diktatori Rafayel Truxilloning buyrug‘i bilan siyosiy faol bo‘lgan uch opa-singil Miraballar shafqatsizlarcha o‘ldiriladi.
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik inson huquqlarining buzilishi hisoblanadi, shu bois har yili Inson huquqlari kuni nishonlanadigan 25 noyabrdan 10 dekabrgacha «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik kurash» o‘tkaziladi. Bu gender zo‘ravonligiga qarshi xalqaro kampaniya bo‘lib, har yili muayyan mavzuga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari Kanada har yili 6 dekabr sanasida 1989 yilgi Monreal qirg‘ini, 14 nafar ayol izolyasiya qilingan va shafqatsizlarcha o‘ldirilgan voqealar xotirasiga ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha Milliy Xotira va Harakat kunini nishonlaydi.
Oq lenta
Oq lenta ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga qarshi, onalikni, ayollikni saqlash ramzi hisoblanadi.
Hamon ayollarga nisbatan zo‘ravonlik global muammo bo‘lib qolmoqda. Ayollarning 70 foizi oiladagi zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Bu muammoga qarshi kurashuvchi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar soni ortib bormoqda, ular barcha zo‘ravonlik qurbonlarini yordam so‘rashga, azob va xo‘rlikka chidamaslikka chaqirmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi ayollar va qizlarning 35 foizi hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikning qandaydir shakllarini boshdan kechiradi. Aytaylik, butun dunyoda 750 millionga yaqin ayol va qizlar 18 yoshigacha turmushga chiqqan, odam savdosidan jabrlanganlarning 71 foizini ayollar va qizlar tashkil etadi, ularning to‘rtdan uch qismi jinsiy ekspluatatsiyaga uchragan. Biroq, bir qator mamlakatlarda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik oqibatlari asrlar davomida saqlanib qolmoqda.
COVID-19 koronavirus infeksiyasi avj olgan paytda esa ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik, ayniqsa, oiladagi zo‘ravonlik holatlari soni ortib ketdi. Pandemiya tufayli aziyat chekka oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga tibbiy va birinchi yordam xizmatlari yuki sezilarli darajada oshdi.
Apelsin dunyosi
BMT Ayollar tashkiloti tomonidan olib borilayotgan «Zo‘ravonlikka yo‘q deylik» kampaniyasida har oyning 25-sanasini «Apelsin kuni» deb e’lon qilgan. 2009 yilda boshlangan kampaniya BMT Bosh kotibining Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kampaniyasi tomonidan erishilgan yutuqlarning bir qismi sifatida fuqarolik jamiyati, hukumatlar va BMT agentliklarining sa’y-harakatlarini faollashtirishga qaratilgan. Kampaniyachilar ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikdan xoli kelajak uchun harakatga o‘z birdamliklarini bildirish uchun to‘q sariq rangli kiyim yoki aksessuarlar kiyishlari mumkin.
2017 yilda Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish maqsadida «Yorug‘lik nuri» nomli yangi uzoq muddatli global tashabbusni boshladi. 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiq ushbu tashabbus «hech kim ortda qolmaydi» tamoyilini to‘liq hisobga oladi.
Maxfiy imo-ishora yoki yordam uchun signal
Yuqorida aytganimizdek, pandemiya davrida ko‘plab mamlakatlarda oiladagi zo‘ravonlik holatlari oshib ketdi. Kanadalik ayollar xayriya tashkiloti shikoyatlar ko‘payib ketgani bois, jabrlanganlarga jimgina yordam so‘rash usulini o‘ylab topdi. Xayriya tashkiloti oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari uchun trening videosini suratga oldi. Bu odamning yordamga muhtojligini ko‘rsatadigan imo-ishora edi.
Bir daqiqalik videoda ikki ayol video havola orqali bir-biriga qo‘ng‘iroq qiladi. Jabrlangan ayol o‘zi bilan sodir bo‘lgan hamma narsani ochiq ayta olmaydi. Ammo qandaydir shirinlik retsepti haqida suhbat davomida ayol ovozini o‘zgartirmaslikka harakat qiladi, ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a ushlab turadi. Keyin sochini to‘g‘rilab, yonidagi «zo‘rovon erkak»ka sezdirmay dugonasiga ishora beradi — birinchi navbatda kaftini ko‘rsatadi, so‘ngra bosh barmog‘ini egib, qolganlari bilan qoplaydi, qo‘lini musht qiladi. Boshqa ayolning qiyofasi darrov o‘zgaradi: u dugonasi oiladagi zo‘ravonlik qurboniga aylanganini tushunadi.
Aynan mana shunga o‘xshash video internetda shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ko‘pgina foydalanuvchilar imo-ishorani haqiqatan ham samarali deb bilishdi. Chunki bu ishorani ko‘rsatish va yashirish oson. Obunachilar videoni ijtimoiy tarmoqlarda baham ko‘ra boshladilar. Trening videolari bilan postlarning aksariyati Tvitter va TikTokda paydo bo‘ldi.
Videoni mashhur bloger Rashda Xolid o‘z sahifasida joylashtirdi. Uni allaqachon 1,6 milliondan ortiq odamlar ko‘rgan. Izohlarda Rashdaning obunachilari unga foydali ma’lumot tarqatgani uchun minnatdorchilik bildirishdi, ba’zilari esa bunday imo-ishora ularga haqiqatan ham avvalroq kerakligini yozib qoldirishdi: «Bu katta yutuq. Ayniqsa, bizning davrimizda», «Yordam uchun signal ideal: oddiy, tez va tushunarli», «Ushbu video uchun katta rahmat!».
Qizni qutqargan ishora
Noyabrning boshida aynan mana shu ishora AQShning Shimoliy Karolinasida yashovchi 16 yoshli qizni qutqarib qoldi. Uni Kentukki shtatida mashinada o‘g‘irlab ketishayotgandi. Qiz tarmoqda yordam chaqiruvi sifatida talqin qilingan maxsus imo-ishorani yonida ketayotgan boshqa mashina haydovchisiga ko‘rsatadi. Haydovchi qiz zo‘rovonlik qurboni ekanligini payqab politsiyaga xabar beradi. Qizni 5 kun davomida oila a’zolari topisha olmayotgan edi. Uni 61 yoshli Jeyms Gerbert Brik o‘g‘irlab ketganligi aniqlangan va zo‘ravon qo‘lga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter